​Maktabgacha taʼlim vazirining Namangan viloyatiga ishchi safari

Joriy yil 26-29 iyun kunlari maktabgacha taʼlim vaziri Аgrippina Shin Namangan viloyatida boʼldi va viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, vazir Norin tumani MTB faoliyatini oʼrganish maqsadida ushbu tumandagi qator MTT shuningdek, Pedagogika kollejida ham boʼldi.

Vazir Pedagogika kolleji holati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu kollejning foydalanilmayotgan alohida binosida 150 oʼrinli yangi MTT tashkil etish rejalashtirilgan. Qurilish-taʼmirlash ishlariga mahalliy byudjetdan 2,5 mlrd. soʼm mablagʼ ajratilgan.

Navbatdagi manzil Haqqulobod shaharchasi, Navoiy MFY hududidagi “UZTEX-NORIN” qoʼshma korxonasi tomonidan barpo etilgan MTT boʼlib, undagi zamonaviy mashgʼulot xonalari, mebel jihozlari, musiqa zali, oshxona, yozgi suzish havzasi, sport va oʼyin maydonchalari vazirda katta taassurot qoldirdi. А.V.Shin taʼlim tashkiloti kuzatuv kengashi aʼzolari, fuqarolar, mahalla faollari hamda mehnat faxriylari bilan uchrashdi.

Vazir koʼzdan kechirgan yana bir obʼyekt– Katta Oʼlmas MFYda joylashgan 100 oʼrinli 38-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti boʼlib, u 2019 yil investitsiya dasturi doirasida (2.6 mlrd. soʼm mablagʼ hisobidan) qurib foydalanishga topshirilgan.

Bundan tashqari vazir Bobur MFYda boʼlib, 200 oʼrinli “Kichkintoy kelajagi” nomli DXSh asosidagi nodavlat MTT tashkil etishga kirishgan tadbirkor Parida Hamroqulova tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʼzdan kechirdi. Ushbu obʼyekt qurilishiga Kapital bank tomonidan 1 mlrd. 798 mln.soʼm imtiyozli kredit mablagʼlari moliyalashtirib berilgan boʼlib, ayni vaqtda bu yerda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bino 2020 yil 1 sentyabr kuni foydalanishga topshirilishi moʼljallanmoqda.

Shuningdek, tumandagi Qushchek MFYsi hududida DXSh asosida 100 oʼringa moʼljallangan “Kichkintoy zavqi” nomli MTT tadbirkor А.Аbdullaev tomonidan barpo etilmoqda. Ushbu MTT loyiha qiymati 3 mlrd. 244 mln soʼm (imtiyozli kredit 2 mlrd 200 mln. soʼm tadbirkor mablagʼi 1 mlrd 044 mln soʼm)ni tashkil etadi. “Yetti qashqa” MFYda esa tadbirkor N.Sarimsoqova tomonidan DXSh asosida “Zavqli maskan” MTTsi barpo etilmoqda. Uning loyiha qiymati
2 mlrd. 800 mln soʼmni tashkil etadi. (2 mlrd 100 mln soʼm imtiyozli mablagʼ va 700 mln soʼm tadbirkorning shaxsiy mablagʼi).

Maʼlumot uchun: Norin tumani MTBsi oʼzining yuqori koʼrsatgichlari bilan viloyatda yetakchilardan hisoblanadi. 2020 yilning may holatiga koʼra MTTlar soni 86 taga yetkazilib (50 ta davlat, 36 ta nodavlat) 9862 nafar yoki 75,9% bola maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qamrab olingan. Tumanda 6 yoshli bolalar soni 3263 nafar boʼlib, ularni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish 100% ga yetkazilgan.

Namangan viloyatida 2017 yildan 2020 yil I chorak davri davomida
MTTlar soni 472 tadan 1243 taga yetgan.

Jumladan davlat MTTlari 462 tadan 562 taga, xususiy MTTlar 10 tadan
70 taga yetkazilgan. 1 ta idoraviy, 590 ta oilaviy va 20 ta DXSh asosidagi MTTlar ochilgan. Buning natijasida viloyatdagi 3- 7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish 2017 yildagi 29,5% (54 141 nafar)dan 2020 yil I choragida 56,7% (129 238 nafar)ga yetkazilgan.