Ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachi o‘z farzandlarini urishayotgani aks etgan videorolik bo‘yicha ma’lumot.

Joriy yil 26 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda mashgʼulotni tasvirga olishga halaqit berayotgan farzandlarini urishayotgan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqadi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi ushbu holat boʼyicha quyidagilarni maʼlum qiladi:

Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan rolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumani 7-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Hilola Nurmatova ekanligi aniqlandi.

H.Nurmatova 1982 yilda tugʼilgan, maʼlumoti oliy.Maktabgacha taʼlim tizimida bir necha yildan beri ishlab keladi. Oʼtgan davr mobaynida u tomonidan hech qanday nojoʼya harakatlar amalga oshirilmagan va ish beruvchi tomonidan ijobiy taʼriflanadi.Karantin sharoitida H.Nurmatova masofadan oʼqitish usulini oʼzlashtirgan holda, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4-5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashgʼulotlar oʼtib kelgan.

Yoz mavsumi boshlanishi MTT larda sogʼlomlashtirish davri hisoblanib, tartibga koʼra bu vaqtda faol taʼlim jarayoni toʼxtatiladi. Аmmo bir necha tashabbuskor tarbiyachilar, ular qatorida H.Nurmatova ham, tarbiyalanuvchilarning boʼsh vaqti mazmunli va foydali oʼtishi uchun videomashgʼulotlarni davom ettirishga qaror qiladilar.

Joriy yil 15 iyul kuni uy sharoitida videomashgʼulotni yozib olish jaraуonida H.Nurmatova oʼz farzandlarini tarbiyachi kasbiy etikasiga zid ravishda qoʼpol tarzda koyib tashlaydi . Bu holat aks etgan rolik ,keyin tayyorlangan videomashgʼulot oʼrniga, yanglish ravishda MTT telegram guruhiga joylanadi va tezda oʼchirib tashlanadi.Shunga qaramay yanglish joylanib, oʼchirilgan rolik oradan 11 kun oʼtib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketadi.

Holatni oʼrganish jarayonida oʼsha kuni H.Nurmatova videomashgʼulotni bir necha marta yozib olishga uringani maʼlum boʼldi.Аmmo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar harxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yoʼqotgan holda ovozini balandlatishiga sabab boʼlgan.

Bu voqea Chortoq tumani maktabgacha taʼlim boʼlimi hamda Namangan viloyati Maktabgacha taʼlim Boshqarmasi tomonidan atroflicha oʼrganib chiqildi va maʼlum xulosalarga kelindi.

Tarbiyachi H.Nurmatova kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʼllanildi.Karantin yakunlanib , MTT lar faoliyati tiklangach 7-sonli MTT hamda Chortoq tumani maktabgacha taʼlim boʼlimi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilandi.7-sonli MTT rahbariga esa ogohlantirish berildi.

Tuman MTB siga oʼziga tegishli hududda masofadan maktabgacha taʼlim xizmatini koʼrsatish jaryoni ustidan kuzatishni kuchaytirish, uning sifatini yaxshilash, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratish boʼyicha tavsiyalar berildi.

Hurmatli hamyurtlar! Maktabgacha taʼlim vazirligi bolalarga nisbatan har qanday qoʼpol munosabatga qarshi ekanligini maʼlum qiladi.Shuningdek, aholi orasida koronavirus pandemiyasi natijasida asabiylashish holatlari koʼp kuzatilayotgani sababli barchangizni bir-biringizga nisbatan sabrli boʼlishga chaqiramiz.Shu bilan birga sizlardan oʼzi uchun yangi va noodatiy boʼlgan- masofadan taʼlim jarayonini olib borayotgan pedagoglarimiz sharoiti va holatini tushunishga harakat qilishingizni soʼraymiz.