Maktabgacha ta’lim vazirligida «Maktabgacha ta’lim yoshidan ekologik ta’lim va ekologik madaniyatni rivojlantirish» yuzasidan matbuot anjumani o’tkazildi

O‘zbekiston Respublikasining maktabgacha ta’lim tizimida ekologik ta’limning va ekologik madaniyatning rivojlantirilishini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha.

So‘nggi o‘n yilliklarda atrof-muhit bilan bog‘liq muammolar va masalalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ekologik ta’lim va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, sog‘lom jamiyat va barqaror davlat siyosatining qurilishida zaruriy qismga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida YXHT loyihalari Koordinatorining idorasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, “SVB Advisory” Britaniya-O‘zbekiston barqaror rivojlanish kompaniyasi va “Hashar Week” ijtimoiy loyihasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining maktabgacha ta’lim tizimida ekologik ta’lim va tarbiyani joriy etish dasturini boshlashdi. Loyiha doirasida “Qiziqarli chiqindi” didaktik o‘yinini va o‘qitish metodikasini aprobatsiyasi uchun Toshkent shahrining 13 ta maktabgacha ta’lim muassasalari tanlab olindi.

YXHT O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori idorasining ko‘magida maktabgacha ta’lim sohasidagi mutaxassislar guruhi va “SVB Advisory” kompaniyasining barqaror rivojlanishga ixtisoslashgan xalqaro ekspertlari hamda O‘zbekistonda ekologik madaniyatni targ‘ib qiluvchi “Hashar week” ijtimoiy loyihasi tomonidan maktabgacha yoshdagi bolalarni turli xildagi chiqindini saralashga, chiqindi bilan to‘g‘ri ishlashni o‘rgatishga, shuningdek kichik motorikani va verbal aql-zakovatini rivojlantirishga qaratilgan dastur ishlab chiqildi.

Dastur 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, unda asosiy mezonlar vizual tasvir va amaliy faoliyat imkoniyatidan iboratdir.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlarining salohiyatini oshirish maqsadida 2020-yil dekabr oyida Toshkent shahridagi tanlab olingan 13 ta maktabgacha ta’lim muassasalarining 50 nafar tarbiyachilari uchun o‘quv-seminarlari o‘tkazildi. Tarbiyachilar maktabgacha yoshdagi bolalarning ekologik ta’limi doirasida xulq-atvor psixologiyasi texnikalariga o‘qitildilar, “Qiziqarli chiqindi” dasturining o‘qitish uslubi bilan tanishdilar va barqaror rivojlanish sohasida bilim oldilar.

Loyiha doirasida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatorining idorasi tanlab olingan 13 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga begovel (bolalar pedalsiz velosipedini) taqdim etadi. O'zbekiston Respublikasi velosport federatsiyasi ko'magida pedalsiz velosipedlari maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish maqsadida qo‘llaniladi. Begovelda minish uslubi loyihasi O'zbekiston Respublikasi sport vazirligi ko'magida Velosport federatsiyasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Begovel yordamida bolalarga erta yoshdan boshlab koordinatsiya va muvozanatni ushlashni o‘rgatish mumkin. Ushbu texnikaning afzalligi – bolaning motorik faolligini ta'minlash, oyoq mushakklarini mustahkamlash, shuningdek, velosipedda mashq qilish uchun samarali tayyorgarlik jarayoni imkoniyatlarini oshirishdan iborat.

13 ta maktabgacha ta’lim muassasalari asosida o‘tkazilgan pilot loyiha natijalarini hisobga olgan holda, hamkorlar tomonidan (YXHT, Maktabgacha ta’lim vazirligi, “SVB Advisory” va “Hashar Week”) butun Respublika bo‘ylab “Qiziqarli chiqindi” o‘qitish metodikasi va didaktik o‘yinini yanada kengaytirish strategiyasi ishlab chiqiladi, shuningdek maktabgacha ta’lim tizimida ekologiya yo‘nalishida dastur yaratish va uni joriy etish yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun: 2020-yil noyabr oyida YXHT, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Velosport federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi, uning doirasida ekologik ta’lim bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi, bu YXHT O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatorining idorasi tomonidan hukumatga yashil iqtisodiyot mexanizmlarini joriy qilishda ko‘maklashishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.