Oʻzbekistonning Koronavirusga qarshi kurash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi qarori toʻgʻrisida

Hurmatli ota-onalar!

Ma’lumingizki, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda karantin choralarini bosqichma-bosqich yengillashtirishga ruxsat berilmoqda. 15-avgustdan nodavlat ta’lim tashkilotlari, ya’ni xususiy MTT va davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan MTT faoliyati tiklanadi.

Bunda quyidagi talablarga rioya etish zarurligi qayd etilgan:

– tana harorati 37 darajadan yuqori hamda koronavirus alomatlari bo‘lgan xodimlar va bolalar MTTga kiritilishi mumkin emas;

– xodimlar tibbiy niqoblar taqib yurishi, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi qoidalar hamda xavfsizlik choralariga rioya qilishlari zarur;

– MTT xonalari va hududi vaqti-vaqti bilan dezinfektsiya qilinishi, kirish qismi esa, pirometrlar, dezinfektsiya qiluvchi vositalar va gilamchalar bilan jihozlanishi kerak;

– bolalar va xodimlar qo‘llarni yuvish yoki antiseptik vositalar bilan qayta ishlash jadvaliga rioya qilishlari kerak;

– bolalarning taomdan oldin va keyin kamida 20 soniya mobaynida xodimlar nazoratida qo‘llarini yuvishi ta’minlanishi shart. Hojatxonaga borgach, o‘yinlar va sayrdan keyin ham shunday qilishlari kerak;

– imkoniyat darajasida bir guruhdagi bolalar sonini 15 nafargacha qisqartirish tavsiya etiladi, chunki, bir guruhdagi bolalarning tavsiya etilgan soni — 15 nafardan ko‘p emas;

– guruhda tarbiyalanuvchilar soni ortishi bilan koronavirusni yuqtirib olish ehtimoli ortadi.

Oddiygina harakatlar COVID-19 ni yuqtirishni to‘xtatishi mumkin, murakkab bo‘lmagan qoidalarga rioya qilishingiz sizning va oilangizning sog‘lom qolishiga yordam beradi va farzandlaringizga yaxshi namuna bo‘lib xizmat qiladi:

qo‘llaringizni kamida 20 soniya sovun bilan tez-tez yuving yoki antiseptik vositalardan foydalaning;

kasallik alomatlari bo‘lgan (aksirayotgan, harorati bor yoki yo‘talayotgan) kishilar bilan muloqot qilmang;

jamoat joylarida boshqalardan 2 metr uzoqlikda turing;

siz jamoat joyida bo‘lganingizda 2 va undan katta yoshdagi farzandlaringiz yuzlariga yopishib, og‘iz-burunni to‘sib turadigan niqob taqishlari shart;

bola salomatligini kuzatib turing, agar u o‘zini yomon his qilsa, harorati ko‘tarilsa, yo‘tal paydo bo‘lsa, nafas olishi qiyinlashsa/nafasi qissa, ko‘krak sohasida og‘riq bo‘lsa, juda uyqusirasa, zudlik bilan shifokor maslahatini oling. Yodda tuting, ayrim insonlarda COVID-19 virusining kam tarqalgan alomatlari: bosh og‘rig‘i, aksirish, mushaklardagi og‘riqlar, ich ketishi, hid va ta’m bilmaslik, terisida toshma paydo bo‘lishi, qo‘l-oyoqlaridagi barmoqlar rangi o‘zgarishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin;

farzandingizda kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, uni MTTga olib kelmang va MTT xodimlarini bundan xabardor qiling.

Hurmatli ota-onalar!

Yodingizda tuting, COVID-19 pandemiyasi chog‘ida zarurat bo‘lmasa, MTTga bormagan ma’qul!

O‘zingiz, farzandlaringiz va yaqinlaringiz salomatligi haqida qayg‘uring, ehtiyotkorlik choralariga rioya qiling, shuningdek, niqob va antiseptik vositalarga beparvo bo‘lmang!