Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy maʼlumoti.

Аndijon viloyati, Baliqchi tumanidagi 11- sonli MTT mudirasi G.Xoʼjaqulovaning oʼz joniga qasd qilganligi holatini oʼrganish natijalari .

Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri buyrugʼiga koʼra tuzilgan Ishchi guruhi Аndijon viloyati, Baliqchi tumani Maktabgacha taʼlim boshqarmasi (MTB) faoliyati hamda ushbu tumandagi 11- sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti( MTT )rahbari G.Xoʼjaqulovaning oʼz joniga qasd qilishi tufayli oʼlimi holatini oʼrganish natijalariga koʼra quyidagilarni maʼlum qiladi:

Joriy yil 4 may kuni soat 15.00 da 25.07.1967 yilda tugʼilgan G. Xoʼjaqulova yashab turgan manzilida oʼz joniga qasd qilgan, tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan uning hayotini saqlab qolishga qilingan barcha harakatlarga qaramay, 17.05.2020 yilda shifoxonada vafot etgan.

G.Xoʼjaqulova Baliqchi tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 11.11.2010 yildan buyon mudira lavozimida ishlab kelgan.

Baliqchi tumani prokuraturasi tomonidan oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruvga koʼra marhuma G.Xoʼjakulova sogʼligʼi hamda ishi bilan bogʼliq muammolar tufayli ruhiy holatidagi oʼzgarishlar natijasida oʼz joniga qasd qilgani aniqlangan(suitsid). Tuman prokuraturasi tomonidan tayinlangan sud psixiatrik-psixologik ekspertizasi xulosasida koʼrsatilishicha bu salbiy holatga ichki qalbiy ziddiyatlar natijasidagi hissiy hayajon turtki boʼlgan,uning natijasida yuzaga kelgan hissiy beqarorlik joniga qasd qilish holatiga turtki boʼlgan boʼlishi mumkinligi koʼrsatib oʼtilgan.

Ekspertiza xulosasi asosida tuman prokuraturasi tomonidan ushbu holat boʼyicha tegishli qaror qabul qilingan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan tekshiruv xulosasiga koʼra Baliqchi tumani MTB rahbari S.Xonkeldievaning oʼz xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashmaganligi natijasida MTBda nosogʼlom muhit yuzaga kelgan.

Shuningdek, tekshiruv davomida Baliqchi tumanidagi 11- sonli davlat MTT da qurilish – taʼmirlash ishlarini olib borgan “Milano qurilish” MChJ rahbari N.Z.Rasulov tomonidan rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanish orqali byudjet mablagʼlari oʼzlashtirilganligi,qurilish-taʼmirlash ishlarining oʼzi sifatsiz bajarilganligi aniqlangan.

Аniqlangan ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʼzgʼatilgan.

Shuningdek Ishchi guruhi, Baliqchi tumani MTBsida ishlar tizimli yoʼlga qoʼyilmagani; rahbar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi; idoraviy nazorat susaytirib yuborilgani va natijada aholi orasida maktabgacha taʼlim tizimiga nisbatan norozilik kayfiyati paydo boʼlganligini aniqladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Аndijon viloyati, Baliqchi tumani MTBsi mudiri S.Xonkeldieva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yil 26 iyun kuni bekor qilindi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi marxum G.Xoʼjaqulovaning qizi va oila aʼzolariga uning oʼlimi munosabati bilan taʼziya va hamdardlik buldiradi.

Oʼzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi axborot xizmati