12 ta DMTT rahbar va xodimlari uchun issiqxonalardan samarali foydalanish bo’yicha o’quv seminarlari tashkil etildi

Maktabgacha taʼlim tizimining asosiy maqsadlaridan biri bolalarga ta’lim berish bilan bir qatorda ularni sogʻlomlashtirish, kasalliklarning oldini olish, shu jumladan salomatligi, oʻsishi, rivojlanishi, sogʻlom va xavfsiz ovqatlanishini nazorat qilishdir.

Shuningdek, bolalarda ekologik taʼlim va sogʻlom ovqatlanish odatlarining shakllanishida maktabgacha taʼlim tashkilotlari muhim rol oʻynaydi. Ushbu maqsadlarga erishishda yordam beradigan chora-tadbirlardan biri maktabgacha taʼlim tashkilotlari hududida issiqxonalar tashkil etishdir.

Ekologik taʼlim bolalarda quyidagi koʻnikmalarni shakllantiradi:

  • atrofdagi olam uchun javobgarligni his qildirish;
  • bolaning tabiatga boʻlgan qiziqishini oshirish;
  • oʻsimliklarga gʻamxoʻrlik qilishni oʻrgatish.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining issiqxonalarida tarbiyalanuvchilar xodimlar yordamida oʻzlari vitaminlarga boy sabzavotlar va mevalarni yetishtirishlari hamda ushbu mahsulotlar hisobiga oshxona menyusini boyitishlari mumkin boʻladi.

Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi BMTning oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) ning O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasining 12 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari (Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Namangan va Farg’ona viloyatlari) hududida issiqxonalarni tashkil etish orqali davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar salomatligini mustahkamlash loyihasini boshladi.

Loyiha doirasida 12 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining barcha rahbarlari va masʼul xodimlari vitaminlarga boy organik sabzavotlar va mevalarni yetishtirish uchun issiqxonalardan samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlarida qatnashdilar.