Ezgulik

Bugun dunyoda 1 milliarddan ziyod nogiron kishi yashaydi. Ularning 600 mingi oʻzbekistonlik, 61 ming 819 nafari esa, Namangan viloyatida istiqomat qiladi. Shundan 636 nafar jismoniy va ruhiy rivojlanishdan orqada qolgan bola viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasiga qarashli 7 ta Ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli maktabgacha taʼlim tashkilotiga qamrab olingan. Bu shundan dalolatki, oʻzbek diyorida hech bir oʻksik qalb, ayniqsa, nogiron bola eʼtibordan chetda qolgan emas. Chunki, birovning koʻmagiga muhtoj kishini koʻrganda koʻngli eriydigan, mudom savob matlabida yordamga oshiqadigan bu xalqning ongu shuuridagi ezgulik xislati qon bilan kirgan. Boz ustiga, azaliy, milliy ruhiyatimizga xos bu fazilat davlatimiz siyosatida ham oʻz ifodasini topgan.

Aytaylik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil, 9-avgustda imzolangan “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa, bolalarni reabilitatsiya qilish, ularni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash, sohada axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Qarorda nogiron shaxslarga, ayniqsa bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini bugungi bosqichda yaxshilashning eng muhim yoʻnalishlarini belgilash, shu bilan birga, davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini korreksion, pedagogik va reabilitatsiya uskunalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash ishlarini davom ettirish vazifalari qoʻyilgan.

Yaqinda Maktabgacha taʼlim vazirligi tashabbusi bilan Koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari (KTIMTT) tarbiyalanuvchilari uchun 13 turdagi, jami 263 dona, umumiy qiymati esa, 1 milliard 865 million 600 ming soʻmlik zamonaviy protez-ortopediya moslamalari olib kelindi va ular hududlarda joylashgan maxsus bogʻchalarga yetkazib berildi.

– Maʼlumki, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolada muayyan rivojlanish kasalliklari mavjud boʻlsa, ota-onalar bolalarini tibbiy muassasalarda yoki reabilitatsiya markazlarida reabilitatsiya muolajalarini oldirishlari kerak, – deydi Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdunazar Yusupov. – Ammo, agar bolaga kompleks sharoitda korreksion-pedagogik va reabilitatsiya yordami koʻrsatiladigan bir muassasada mujassam yordam berilsa, buning samarasi yanada ijobiy boʻladi. Shu maʼnoda muhtaram Prezidentimizning shu sohaga qaratayotgan katta eʼtiborlari, qolaversa, Maktabgacha taʼlim vazirligining mana bunday tashabbusi tufayli amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ezgu ishlar, nafaqat maktabgacha taʼlim tizimida, qolaversa, unda tarbiyat topayotgan alohida eʼtiborga muhtoj bolalar hayotida ham juda katta quvonchli oʻzgarishlar yasaydi. Chunki, bu kabi katta eʼtibor ilgarilar deyarli kuzatilmagan.

Darhaqiqat, aksari Ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida moddiy-texnik bazaning eskirganligi va zarur asbob-uskunalarning yoʻqligi tufayli yillar davomida korreksion-pedagogik va reabilitatsion yordamni toʻliq amalga oshirishning imkoni chegaralangan edi. Endilikda esa:

– Olib kelingan zamonaviy protez-ortopediya moslamalari yordamida nevrologik patologiyalar, tayanch-harakat sistemasining shikastlanishi kabi jismoniy nuqsonga ega boʻlgan bolalarda yurish malakalarini rivojlantirishdan tortib, ularda taktil sezuvchanlik, keyinchalik umumiy motorik koʻnikmalar hosil qilish, ruhiy stress darajasini kamaytirish, massaj va gimnastika boʻyralari orqali mushaklarni boʻshashtirish, shuningdek, nozik vosita koʻnikmalarini rivojlantirish kabi ijobiy imkoniyatlar tugʻiladiki, bunday shart-sharoitlardan toʻlaqonli foydalanish jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan bolalar hayotida yangi istiqbollarni ochib beradi – deydi boshqarmaning “Bolalar salomatligi va ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi” boshligʻi Axrorxon Qambaraliyev.

Bir soʻz bilan aytganda, Maktabgacha taʼlim sohasida roʻy berayotgan bunday oʻzgarishlar, yaratilayotgan salmoqli imkoniyatlar, yuqorida taʼkidlangan ulkan raqamlar ortida shunga monand, keng koʻlamli saʼy-harakatlar turibdi. Eng muhimi, bularning barchasi ezgu va savobli ishga – nogironligi boʻlgan bolalarni ijtimoiy hayotga har tomonlama moslashtirish, ularning hayotini yengillashtirishga qaratilgan. Bu esa qanchadan-qancha koʻngillarga yupanch, koʻzlarga quvonch, qalblarga minnatdorlik hissini baxsh etadi.