Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Tojikiston Respublikasi tomonidan «Kapalak» nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib foydalanishga topshirildi.

Azal-azaldan o‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat hamda yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari birlashtirib turadi. Bu yaqinlik O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam zamin, asosiy tamoyil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun Tojikiston Respublikasi tomonidan Farg‘ona viloyati Rishton tumanida qurilgan  «Kapalak» nomli 200 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkilotining  ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Imomzoda Mahmadyusuf qatnashishdi.

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishi, farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya olishini istagan ota-onalar uchun ayni muddao bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati