Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs yetkazilgan zararni qoplab, jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida Qonun Prezident tomonidan imzolandi

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yarashilganlik munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish instituti kiritildi.

Unga koʻra, Kodeksning bir qator moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini sudga yuboradi.

Jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv toʻgʻrisidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan koʻrib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin.

Agar ish boʻyicha bir necha jabrlanuvchi boʻlsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv toʻgʻrisidagi ishni yuritish mumkin.

Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan eʼtiboran 3 kundan kechiktirmay oʻtkaziladi.

Huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Asos: OʻRQ–720-son, 04.10.2021-y.