Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar oʻrtasida nomaʼlum virus tarqalayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda soʻnggi kunlarda poytaxtimizda bolalar oʻrtasida yuqori nafas yoʻllari yalligʻlanishi bilan bogʻliq nomaʼlum yuqumli kasallik tarqalayotgani, “Tez yordam” xizmatiga bolalarda isitma koʻtarilishi bilan bogʻliq chaqiruvlar soni keskin ortgani, shu bois, bu qanday kasallik ekanini aniqlash hamda poytaxt umumtaʼlim maktablari va bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarini 10 kun muddatga karantinga yopish lozimligi toʻgʻrisidagi xabar tarqaldi. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha taʼlim vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Har yili kuz va qish fasli gripp hamda oʻtkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan palla hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda yurtimizda nafaqat bolalar, balki kattalar oʻrtasida ham yilning boshqa davrlariga nisbatan gripp va OʻRVI xastaliklari nisbatan koʻproq kuzatiladi.

Ayni kunlarda shifoxonalarga oʻtkir respirator virusli infeksiya kasalliklari belgilari bilan yotqizilayotgan bemor bolalarning aksariyatida tana harorati koʻtarilishi, burun oqishi, aksirish kabi mavsumiy OʻRVIga xos belgilar kuzatilayotgan boʻlib, ushbu bemorlarga nisbatan virusga qarshi va antibakterial davo muolajalari olib borilgandan soʻng, deyarli barchasi 3-4 kundan keyin kasallikdan sogʻayishi kuzatilmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda poytaxt shifoxonalariga oʻtkir respirator virusli infeksiya kasalliklari bilan yotqizilayotgan barcha bolalardan koronavirus infeksiyasiga PZR test tahlillari olinib, kasallikka qarshi tekshirilmoqda, biroq ularning deyarli barchasida kasallik aniqlanayotgani yoʻq. Vaholanki, soʻnggi haftalarda yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida ham pasayish kuzatilmoqda. Bundan koʻrish mumkinki, ushbu kasallik COVID-19 infeksiyasi bilan bogʻliq emas.

Shuningdek, bugungi kunga qadar, mamlakatimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida koronavirusning oldini olish yuzasidan kerakli barcha amaliy ishlar bajarib kelinmoqda hamda mamlakat miqyosida birorta maktabgacha taʼlim tashkilotidan nomaʼlum kasallik bilan kasallanganlar haqida maʼlumot kelib tushmagan. Shu sabab maktabgacha taʼlim tashkilotlarini karantinga yopishga hech qanday asos yoʻq. Qolaversa, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli notoʻgʻri xabarlarga ishonmaslik hamda vahimaga tushmasliklarini hamda barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida hamshiralar faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi haqida eslatib oʻtamiz.

Maktabgacha taʼlim Vazirligi Axborot xizmati