“Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni muborak!

Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishini hamda sportni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlardagi maktabgacha taʼlim tizimida ommaviy sportning inson va jamiyat hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlikning asosi ekanini targʻib qilishda sidqidildan mehnat qilayotgan 2 nafar maktabgacha taʼlim tizimi sohasi vakillari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi binosida jismoniy tarbiya va sport sohasida faollik koʻrsatgan bir qator vazirlik va idoralar xodimlari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Nazorat-tahlil boshqarmasi boshligʻi Lola Berdiyeva hamda Bolalar salomatligi, sogʻlom ovqatlantirishni taʼminlash va ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Umida Muxiddinovalar “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Ushbu koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan oʻz egalariga topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, yurtboshimiz tomonidan 2020-yilning 30-oktyabr kuni “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolanib, unga asosan, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Work out” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilangan.

2021-yilning 1-yanvaridan boshlab yurtimizdagi barcha mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan bir nafar xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasi yuklanib, ish vaqtidan soʻng haftada kamida bir marotaba “Sport targʻibotchisi” tomonidan rahbar va barcha xodimlar yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish singari sport turlari bilan shugʻullanishlarini tashkillashtirish taʼminlandi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati