KOʼZА KUNDАMАS KUNIDА SINDI Samarqand viloyatidagi oʼrganilgan MTTlar faoliyati haqida


Maktabgacha taʼlim tashkilotlari bolajonlarning baxtiyor unib-ulgʼayishlari va maktab taʼlimiga sifatli tayyorlanishida dastlabki asosiy poydevor hisoblanadi. Bolalar bogʼchasida taʼlim-tarbiya uslubi va ish toʼgʼri tashkil etilgandagina kelajak avlod bilimi, dunyoqarashi va aqliy rivojlanishida ijobiy natijaga erishiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining 2021 yil 29 martdagi 132-X-sonli buyrugʼiga asosan vazirlik ishchi guruhi tomonidan Samarqand viloyatidagi bir nechta MTTlar faoliyati oʼrganilganda tarbiyachi-pedagoglar oʼz xizmat vazifasini toʼliq bilmasligi, sogʼlom ovqatlantirish meʼyorlariga rioya etilmayotganligi, taʼlim-tarbiya jarayonlari yaxshi yoʼlga qoʼyilmaganligi, bolalarni yoʼllanmalar asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilishdagi xato va noqonuniy xatti-harakatlar aniqlandi.
Xususan, Samarqand shahar 58-sonli DMTT faoliyati oʼrganilganda, mamlakatimizda karantin talablari bekor qilinmagan boʼlsada mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti “COVID 19 pandemiyasi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish faoliyatiga qoʼyiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigienik talablar”ga rioya etmagan holda ish faoliyatini olib borayotganligi ayon boʼldi
Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida (OpenEmis) tashkilotda tarbiyalanuvchilar soni 186 nafar, navbatda turganlar soni 160 nafar boʼlsada, tashkilot direktori tomonidan tarbiyalanuvchilar soni 141 nafar (kichik guruhda 38, oʼrta guruhda 40, katta guruhda 32, maktabga tayyorlov guruhida 31) ekanligi toʼgʼrisida maʼlumot taqdim etildi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 391-sonli qarorida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida guruhlar miqdori koʼpi bilan 30 nafar bola bilan toʼldirilishi belgilangan boʼlsada, OpenEmis tizimida guruh quvvatlari kichik guruh uchun 49 taga, tayyorlov guruhi uchun 45 tagacha oshirilgan.
Bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish boʼyicha yoʼllanmalar saylanma tarzda oʼrganilganda 14 nafar toʼliq kunlik guruh tarbiyalanuvchilari tashkilot direktori N.Xamraeva tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi 244-sonli qarori talablariga zid ravishda tashkilotga qabul qilingan.
8 nafar tarbiyalanuvchi tashkilotdan ketgan boʼlishiga qaramasdan OpenEmis tizimidagi tarbiyalanuvchilar roʼyxatidan oʼchirilmagan. Bu oʼz navbatida boʼsh oʼrinlarning shakllantirilmasligiga hamda guruhlarga noqonuniy bolalar qabul qilinishiga zamin yaratadi.
Kichik guruhda 2 nafar yoʼllanmasiz bolalar mavjudligi aniqlanib, oʼrganishlar davomida ular guruh tarbiyachisining farzandlari ekanligi maʼlum boʼldi.
Tashkilot hamshirasi tomonidan “Sifati tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftari” Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi 626-son “Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida sogʼlom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida” qarori talablari boʼyicha yuritilmayotganligi hamda ayrim dori vositalarining yaroqlilik muddati oʼtganligi aniqlandi.
Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 16 dekabrdagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʼgʼrisida”gi OʼRQ-595-son Qonunining 34-moddasida maktabgacha taʼlim tashkilotidagi guruhlar yoshga doir toifalar, jumladan kichik guruh uch yoshdan toʼrt yoshgacha, oʼrta guruh toʼrt yoshdan besh yoshgacha, katta guruh besh yoshdan olti yoshgacha, maktabga tayyorlov guruhi 6 yoshdan 7 yoshgacha boʼlgan bolalar bilan toʼldirilishi belgilangan. Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi guruhlar yoshga doir toifalar boʼyicha toʼldirilmagan.
Maktabgacha taʼlim vazirining 2019 yil 30 avgustdagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarining ish hujjatlarini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi 155-sonli buyrugʼi talablariga rioya etilmagan holda bolalar davomatini qayd etish daftarida (tabelь, filьtr) bolalarning kelgan va kelmagan kunlari tahlili qilinmagan, hamshira, tarbiyachi va direktor tomonidan imzolanmagan.
Shuningdek, 58-sonli tashkilot direktori N.Hamraeva tomonidan imzolangan buyruqlarga asosan tashkilotda haqiqatda ishlamagan 5 nafar xodimga jami 17 793 838,0 soʼm miqdoridagi ish xaqi va unga tenglashtirilgan toʼlovlar hisoblanib, toʼlab yuborilganligi aniqlandi.
Xodimlarga ish xaqi va unga tenglashtirilgan toʼlovlarni naqd pul tariqasida berilishi tanlov asosida oʼrganilganda, tarbiyachi D.ga 2020 yilning fevralь-iyunь oylarida haqiqatda vazifasini bajargan boʼlsada jami 2 039 061,0 soʼmlik ish haqi hisoblanmaganligi va toʼlanmaganligi ham aniqlandi.
Samarqand shahar prokuraturasining 2021 yil 27 yanvardagi qarorida keltirilgan maʼlumotlarga koʼra tashkilot direktori 2019 yilning avgust-sentyabrь oylarida jami 31 nafar tarbiyalanuvchilarni YaIDXPdan roʼyxatdan oʼtmagan qalbaki yoʼllanmalar asosida qabul qilganligi yuzasidan, Oʼzbekiston Respublikasi JKning 167 va 209-moddalari bilan jinoyat sodir etganligi keltirilgan.
Murgʼak qalb egalari kamol topadigan, yosh avlodning ongu tafakkuri shakllanadigan maktabgacha taʼlim tashkilotidagi bunday noqonuniy xatti-harakatlar kelajakka xiyonat emasmi?!
Shuningdek, Samarqand shahridagi 50, 126, 13, 98-DMTTlari faoliyati oʼrganilganda “COVID 19” pandemiyasi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish faoliyatiga qoʼyiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigienik talablar”ga rioya etmagan holda ish faoliyatini olib borayotganligi ayon boʼldi.
Tashkilot direktorlari tomonidan yuritilishi lozim boʼlgan hujjatlar tashkilot hamshirasi tomonidan yuritilayotganligi, OpenEmis tizimida MTT guruhlari notoʼgʼri shakllantirilgani, guruhlarda yoʼllanmasiz bolalar borligi aniqlandi.
98-MTTda hamshira xonasi antisanitariya holatda boʼlib, begona sumkalar, turli-xil buyumlar bilan toʼldirilgan. Birinchi yordam uchun berilgan dori-darmonlarning muddati oʼtganligi va roʼyxatda koʼrsatilmagan atibiotiklar mavjudligi aniqlandi. Dori darmon uchun ajratilgan muzlatkichda boshqa mahsulotlar ham saqlanmoqda.
OpenEMIS maʼlumotlariga koʼra, MTTda 424 nafar tarbiyalanuvchi boʼlib, toʼliq kunlik guruhlarda 12 nafar va qisqa muddatli guruhlarda 16 nafar tarbiyalanuvchining yoʼllanmasi yoʼqligi aniqlandi.
13-MTTda oshxonada kunlik menyu va raportichkalar mavjud emasligi, hamshira tomonidan 1-9 aprelь kunlari menyular toʼldirilmaganligi aniqlandi. Tashkilot hamshirasi tomonidan “Sifati tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftari” notoʼgʼri va oʼchiriladigan ruchkada toʼldirilmoqda. Kunlik sinamalar 24 soat ushlanmagan. Birinchi tibbiy yordam koʼrsatish uchun ishlatiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʼyxatida mavjud boʼlmagan natriy xlorid eritmasi saqlanmoqda. Tashkilotda qarindosh urugʼchilik munosabatlarini ham uchratish mumkin, jumladan metodist va xoʼjalik ishlari mudiri tashkilot direktorining qarindoshlari ekanligi maʼlum boʼldi.
Pullik xizmat sifatida tashkil etilgan rus tili, ingliz tili, taekvondo va badiiy gimnastika toʼgaraklari uchun toʼlangan pul tashkilotning hisob raqamiga kirim qilinmagan.
Hamshiraning filьtr daftari xato yuritilgan hamda oʼchiriladigan ruchkada kiritilgan.
Oshpazlar kunlik taomlarni bolalar soniga nomutanosib, taomlarga solinishi lozim boʼlgan mahsulotlar miqdori koʼrsatilishi lozim boʼlgan menyusiz tayyorlashayotgani bolalar haqqini talon-taroj qilayotganligi emasmi?!
Payariq tumanidagi 31-38 sonli DMTTlarida bolalar guruhlarga noqonuniy qabul qilinganligi, davomat jurnali xato yuritilishi, guruhlar kerakli jihozlar, jumladan stol-stullar va bolalar krovatlari bilan toʼliq taʼminlanmagani, rivojlantiruvchi markazlar uchun xonalarda maydon hamda bolalar uchun oʼyinchoqlar yetishmasligi, bolaning rivojlanish xaritasi oʼz vaqtida toʼldirilmagani ayon boʼldi.
31-MTTda ishchi guruh oʼrganishlar bilan ovora boʼlgan bir paytda oshpaz pishib turgan ovqatga xom tovuq goʼshti solib yuborganiga ham kulasiz, ham kuyasiz.
38-MTT binosida qulflangan xona borligi, unda 20 ta bolalar krovati va 10 nafar bola borligi aniqlandi. OpenEMIS tizimida 14 ta guruhda 348 nafar bola boʼlib, haqiqatda 12 ta guruhda 275 nafar bolani tashkil etmoqda, ularning 29 tasida yoʼllanmalar mavjud emas. Omborxonadagi mavjud oziq-ovqat mahsulotlari tanlanma tarzida sanoqdan oʼtkazilganda, tovuq goʼshti – 4,8 kg ortiqcha, olma – 13,9 kg ortiqcha, oʼsimlik yogʼi – 4,8 kg ortiqcha, quruq meva – 33,3 kg ortiqcha, mol goʼshti – 2,25 kg ortiqcha ekanligi aniqlandi hamda oʼz arizasiga asosan xoʼjalik ishlar mudiri bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Oqdaryo tumanidagi 7-4 sonli MTTlari faoliyatini oʼrganish davomida pedagoglar “Ilk qadam” davlat oʼquv dasturi va davlat talablari haqida yetarli tushunchaga ega emasligi hamda guruhlardagi bolalar soni OpenEMIS dasturidagi bolalar soni oʼrtasida tafovutlarning mavjudligi aniqlandi.
7-MTTda OpenEMIS tizimida 14 ta guruhda 348 nafar bola boʼlib, haqiqatda 12 ta guruhda 275 nafar bolani tashkil etmoqda, ularning 29 tasida yoʼllanmalar mavjud emas.
Guruhlar davomat jurnali koʼzdan kechirilganda kunlik davomat xato yuritilganligi, jumladan, tarbiyachilar tomonidan imzo qoʼyilmaganligi aniqlandi. Bundan tashqari, taʼminotchi tomonidan sariyogʼ oʼrniga “Spred” (sut yogʼi oʼrnini bosuvchi modda) mahsuloti olib kelinganligi aniqlanib, ishchi guruh tomonidan tabiiy sariyoqqa almashtirildi.

Samarqand shahridagi 50-MTTda ishchi guruhi aʼzolari tomonidan soat 15:00-16:00 lar oraligʼida tashkilotga mahalla uylari orasidan nomaʼlum ayol 4 nafar bolani yetaklab tashkilot hududiga asosiy kirish eshigidan olib kirilgan va ular qorovul tomonidan toʼxtatilmaganligi aniqlandi.
Mazkur bolalar toʼgʼrisida MTT direktori M.Umirovadan soʼralganda hech qanday maʼlumotga ega emasligini, ularni kim olib kirganligini, koʼrmaganligini va tanimasligini aytdi.
Savollar asosida bu 4 nafar bolaning 2 nafari tashkilot xodimlarining uch yoshga toʼlmagan bolalari, qolganlari qisqa muddatli guruh tarbiyalanuvchilari ekanligi aniqlandi. Shuningdek, bolalar tashkilot yaqinidagi 113-uyda yollanma tarbiyachining uyida saqlanishi va tashkilotda ovqatlanishi maʼlum boʼldi.
OpenEMIS tizimida 234 nafar bola mavjudligi aks etgan boʼlsada, tashkilot direktori 213 nafar bola mavjudligi toʼgʼrisida maʼlumotnoma taqdim etdi. Tarbiyalanuvchilar tashkilotga direktor tomonidan buyruq chiqarilmagan holda qabul qilinganligi va bolalar qisqa muddatli guruhga yoʼllanmasiz joriy yilning 25 martidan beri qatnab kelayotganligi aniqlandi. Buyruqlar kitobi xato yuritilgan, jumladan buyruq daftariga asosan 75 nafar tarbiyalanuvchi mavjud boʼlsada, OpenEMIS tizimida ular 84 nafar, oʼrganilganda – 65 nafar ekanligi aniqlandi. Rivojlantirish markazlari faoliyati yoʼlga qoʼyilmagan. Barcha taʼlimiy-tarbiyaviy jarayonlar frontal tarzda olib borilmoqda. Metodist faoliyati qoniqarsiz baholandi.
Urgut tumanidagi 15-2 sonli MTTlardagi holat ham qoniqarsiz. 15-MTT binosi taʼmirtalab holatda. Xodimlarni ishga qabul qilish toʼgʼrisidagi buyruqlar daftari fevralь oyidan boshlab yuritilmagan. Kunlik yuritiladigan taomnoma aprelь oyi uchun shakllantirilmagan.
Tashkilotda tibbiy hamshira faoliyatida hujjatlar notoʼgʼri yuritilayotganligi, birinchi tibbiy yordam boʼyicha dori darmonlar toʼliq mavjud emasligi, kunlik taomnoma toʼliq yozilmaganligi kabi holatlar aniqlandi. Аniqlangan kamchiliklar asosida tashkilot direktori bilan oʼz arizasiga binoan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
2-MTTda bolalar davomatini qayd etish daftarida (tabelь, filьtr) bolalarning kelgan va kelmagan kunlari tahlili qilinmagan, hamshira, tarbiyachi va direktor tomonidan imzolanmagan. Tashkilotning hamda direktorning yillik, oylik ish rejalari ishlab chiqilmagan. Ish tartibi oʼlda-joʼlda, qoniqarsiz.
Аniqlangan kamchiliklar asosida tashkilot direktori bilan oʼz arizasiga binoan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, oʼrganishlar yakunidan soʼng Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi mutasaddi rahbarlari tomonidan viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi xodimlari, tuman maktabgacha taʼlim boʼlimi mudirlari va Samarqand shahridagi MTT direktorlari ishtirokida tizimda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tanqidiy-tahliliy yigʼilish oʼtkazildi. Unda soha faoliyatiga doir ishlar qoniqarsizligi, ishchanlikni oshirish va nazoratni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi va zaruriy tavsiyalar berildi.
Аytish joizki, Samarqand viloyatidagi MTTlari tarbiyachi-pedagoglari oʼz vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshmasa, bolalar bilan ishlashda sustkashlikka yoʼl qoʼysa, taʼlim-tarbiya metodikasi oʼlda-joʼlda boʼlsa har jihatdan bilimli, intellektual jihatdan yuksak va aqlan teran yoshlarni tarbiyalashga erisha olamizmi?! Mutasaddilar ishni tizimli tashkil etishda holatga befarq boʼlmasdan masʼuliyatni oshirishsa maqsadga muvofiq boʼlardi.