Maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi ishlar

Bugun AOKAda Maktabgacha taʼlim vazirligi Komplayens nazorat boʻlimi boshligʻi Farrux Aminov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Maktabgacha taʼlim vazirining 2021-yil 12-iyuldagi 131 sonli buyrugʻiga asosan boʻlim nomi Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish boʻlimiga oʻzgartirildi hamda barcha hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalarida 1 shtatdan bosh mutaxassislar ajratildi.

Boʻlimning asosiy vazifasi:

vazirlik va uning tizimida “inson omili” taʼsiri mavjud faoliyat yoʻnalishlarini aniqlaydi;

vazirlikda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha “komplayens nazorat” (compliance control) tizimini joriy etish hamda uni takomillashtirish boʻyicha ish olib boradi;

maktabgacha taʼlim tizimidagi kadrlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ilgʻor usullarini tizimli ravishda joriy etadi;

xodimlar malakasini oshirish boʻyicha doimiy ishlarni olib borish hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5144-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi hamda imzolandi.

Shuningdek tizimda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni 1-ilova 43-band ijrosini taʼminlash maqsadida “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari” ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi.

Maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaning oldini olish maqsadida quyidagi ichki nizom hamda buyruqlar ishlab chiqildi:

  • Maktabgacha taʼlim vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini belgilash toʻgʻrisida;
  • Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlari toʻgʻrisida;
  • Maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish haqida;
  • Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida odob-axloq qoidalariga rioya etilishini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida;
  • Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisida;
  • huquqni muhofaza qilish organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi
  • ishga qabul qilishda nomzodlarni tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma va boshqalar.

Boʻlim tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijalariga koʻra 7 ta holatda aniqlangan qonunbuzilish va korrupsion holatlar boʻyicha chora koʻrish uchun Bosh prokuraturaga hujjatlar taqdim etildi.

Maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat yuritgan hamda korrupsiyaga moyilligi boʻlgan 8 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar:

Yangiyoʻl shahridagi 12-DMTT sobiq direktori M.O. fuqaro U.S.ni tarbiyachi yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilish uchun undan 100 AQSH dollarini taʼmagirlik yoʻli bilan talab qilib, pullarni olayotgan vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahar boʻlimi va Yangiyoʻl shahar IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir natijasida, daliliy ashyo bilan qoʻlga olinib, JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shuningdek Namangan viloyati Uychi tumani Maktabgacha taʼlim boʻlimi sobiq masʼul xodimi A.E. taʼminotchi taʼminotchi korxona rahbari A.J.dan yetkazib berilgan 359 mln. soʻmlik mahsulotning 10% (xalq tilida otkat deyiladi) ini yaʼni 14,8 mln. soʻm va 2000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir natijasida, daliliy ashyo bilan ushlanib, JKning 214-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati