Jahon bankining Oʻzbekistondagi “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida treninglar boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan joriy yilning 4 oktabridan 29 oktabriga qadar Jahon banki bilan hamkorlikdagi “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida “Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim tizimida bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvini joriy etish” dasturiga binoan treninglar boshlandi.

Treninglarning maqsadi – xalqaro eng yaxshi amaliyotlarga, shuningdek, faol va interfaol taʼlim metodologiyasiga mos keladigan bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvini ilmiy jihatdan sogʻlom yoʻnalishlari va amalda joriy etilishi bilan tanishtirishdan iborat. Bundan tashqari, mazkur treningdan koʻzlangan asosiy maqsad maktabgacha taʼlim tashkilotlarining taʼlim-tarbiya jarayoniga ushbu yondashuvni joriy etish maqsadida milliy master-trenerlar tayyorlashning birinchi bosqichini oʻtkazishdan iborat.

Treninglar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi  boshqarmalar metodistlari, kollej oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim tizimi mutaxassislariga moʻljallangan. Treninglarda pedagoglarga bir-biridan oʻrganish imkoniyatini beruvchi kollegial taʼlim elementi mavjud boʻlib, mazkur treninglar milliy master-trenerlarni tayyorlashda birinchi bosqich hisoblanadi. Ikkinchi bosqich murabbiylik mahoratini oʻrgatishni oʻz ichiga oladi.

Jahon bankining xalqaro konsultanti Zulfiya Veysova koʻmagida kelajakda maktabgacha taʼlim tashkilotlari metodistlari va tarbiyachilariga kaskad usuli yordamida bevosita joylarda trening oʻtkazadigan 100 nafar master-trenerlarning tayyorlanishi loyiha doirasida rejalashtirilgan.

Ushbu treninglar bolalarning yoshi va individual xususiyatlarini inobatga oluvchi bolaning shaxsiyatiga yoʻnaltirilgan turli yondashuvlarni tarbiyachilar tomonidan amaliy faoliyatda qoʻllanilanilishi boʻyicha pedagoglarning kasbiy mahoratini, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonining sifatini oshirishga imkon beradi va bu esa bolalarni maktab hayotiga toʻsiqlarsiz oʻtishi va moslashishiga koʻmaklashadi.

“Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasining “Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim tizimida bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvini joriy etish” dasturining 1-moduliga binoan, joriy yilning 4 oktabridan 29 oktabriga qadar, 100 nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari metodistlari va tarbiyachilarini kaskad usulida bevosita joylarda trening oʻtkazadigan master-trenerlar sifatida tayyorlanib, keyinchalik ushbu 100 nafar master-trenerlar yordamida 2024 yilning yakuniga qadar hududlar miqyosida jami 14 000 nafar maktabgacha taʼlim mutaxassislarini oʻqitish rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati