Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida byudjet mablagʻlarini sarflanishi yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Bugun, 14-oktyabr kuni Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida byudjet mablagʻlarini sarflanishi, ichki audit tizimi tomonidan aniqlangan kamchiliklar va koʻrilgan choralar yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Unda qayd etilishicha, ichki audit xizmati tomonidan 2021-yilning oʻtgan 9 oyi davomida tizimdagi tashkilotlarda jami 282 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlsa shundan 106 tasi 37% fuqarolarning murojaatlari asosida oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan profilaktika natijasida 5,5 mlrd.soʻmlik mablagʻ va tovarlarning talon-taroj boʻlishi oldi olingan.

Tashkilotlar mulkini qayta xatlab inventarizatsiya qilish natijasida 962 mln soʻmlik tovar moddiy boyliklar ortiqchaligi aniqlanib, tashkilot hisobiga qayta kirim qilindi.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari toʻliq olinmagan boʻlsada Navoiy viloyati Xatirchi tumani MTB tomonidan 100% pullarni taʼminotchiga oʻtkazib berish oqibatida 152 mln.soʻm muddati oʻtgan debitor qarzdorlik yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Shundan 66 mln.soʻm 2018-2019-yildan buyon undirilmagan va undirish choralari koʻrilmagan.

Mulkni sotishdan tushgan mablagʻlardan 242 mln. soʻmi tegishli mahalliy byudjetlarning daromadiga oʻtkazib berilmagan. Davlat xarid qonunchiligi talablariga amal qilmasdan amalga oshirilgan xaridlar – 10,5 mlrd.soʻmni tashkil etgan.

Davlat xarid qonunchiligini chetlab oʻtib shartnomalar tuzilishi oqibatida korrupsiya va byudjet mablagʻlarini noqonuniy sarflanishi holatlariga olib keladi.

Masalan, Termiz shahar maktabgacha taʼlim boʻlimida tanlov komissiyasi aʼzosi boʻlgan buxgalteriya xodimining turmush oʻrtogʻiga tegishli «Real stroy city» korxonasi joriy taʼmirlash, mebel jihozlar xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan 3,2 mlrd.soʻmlik tanlovda gʻolib deb topilgan. Vaholanki, Davlat xarid qonunida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Oʻtkazilayotgan profilaktika natijasida tovar moddiy boyliklarni xarid qilish va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun davlat xaridlari elektron portaliga joylashtirilgan eʼlonlar notoʻgʻri qoʻyilganligi yaʼni xarid boʻyicha toʻliq maʼlumotlar joylashtirilmaganligi yoki bajarish muddatlarini sunʼiy ravishda kam koʻrsatilishi natijasida 4 mlrd. soʻmlik eʼlonlar bekor qilinib, qayta joylashtirilishi taʼminlandi.

Ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hamda tovar moddiy boyliklaridan 6,6 mlrd.soʻm kamomad va noqonuniy oʻzlashtirish holatlari aniqlandi. Shundan ishlamaydigan xodimlar nomiga yozilgan ish haqlari 2,4 mlrd. soʻmni tashkil etadi.

9 oylikda jami 265 ta toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborildi.