Maktabgacha taʼlim vazirligi va Jahon banki Oʻzbekistondagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarga oʻyin metodlari orqali taʼlim berishni qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston hukumatining ustuvor vazifalaridan biri butun Oʻzbekistonda bolalarning maktabgacha taʼlim olish imkoniyatlarini takomillashtirish va shunday taʼlimning sifatini oshirishdan iborat. Jahon banki Maktabgacha taʼlim vazirligi (MTV) bilan hamkorlikda ushbu maqsadga erishish hamda 3-7 yoshli bolalarga maktabgacha taʼlim xizmatlaridan samarali foydalanish imkonini taqdim etishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi.


2019-yilning may oyida Jahon banki Oʻzbekiston hukumatiga mamlakatda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihani amalga oshirishga yordam berish maqsadida 74 mln AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratdi. Bundan tashqari, mazkur loyiha maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilarini turli pedagogik metodikalar boʻyicha oʻqitishni moliyalashtirishni ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, butun mamlakat boʻylab 1 milliondan ortiq oʻgʻil va qiz bolalar qatnaydigan davlat maktabgacha taʼlim muassasalari zamonaviy, bolalar uchun maxsus moʻljallangan jihoz va mebel, oʻquv-metodik materiallar, oʻyinlar, oʻyin hududlari, va kompyuterlarga ega boʻladilar.


MTV maktabgacha taʼlim muassasalari va uyda taʼlim berish amaliyotiga oʻqitishni oʻyin vositalari bilan integratsiyalashga koʻmaklashuvchi tashabbusni joriy etmoqda. Jahon banki tomonidan boshqariluvchi, koʻplab donorlar ishtirokidagi “Ilk yoshdagi bolalarni oʻqitish boʻyicha hamkorlik” trast jamgʻarmasi tomonidan taqdim etilgan 155 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mazkur tashabbusni amalga oshirishga koʻmaklashadi. Ushbu tashabbus, shuningdek, bolalarning maktabga tayyorlik darajasini oshirish maqsadida yuqorida nomi keltirilgan loyihani yanada toʻldirishga qaratilgan.


“Oʻqitishning oʻyinga asoslangan innovatsion yondashuvlari” tashabbusi bolalarga oʻyin vositasida taʼlim berish imkonini taqdim etish orqali butun mamlakatdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim sifatini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Oʻyin jarayonida oʻqitish bolalardagi mavjud qobiliyatni toʻlaqonli ochib beradi, shuningdek, ularni butun hayoti davomida oʻqishga, hamkorlik qila olishga, muammolarni hal qilishga oʻrgatish bilan bir qatorda ijodiy fikrlovchi va eʼtiborli yetakchi boʻlib yetishishlariga zamin yaratadi. Bu esa ularni bugungi oʻzgaruvchan zamonda muvaffaqiyat yoʻlidan borishlariga koʻmaklashadi», – dedi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin xonim.


Taqdim etilgan grant interaktiv vositalarni ishlab chiqishni moliyalashtiradi. Ushbu vositalardan maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari ham, ota-onalar ham birday foydalana oladilar. Maktabgacha taʼlim muassasalari uchun oʻyinga asoslangan taʼlim resurslari va tarbiyachilarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursi ishlab chiqiladi hamda ular alohida ishlab chiqilgan mobil dasturiy taʼminot vositasida joriy etiladi. Dastur auditoriyada oʻqitishning oʻyinga asoslangan metodlaridan foydalanish boʻyicha tarbiyachilar malakasini oshirishga moʻljallangan interaktiv videomodullarni oʻz ichiga oladi.

Bundan tashqari, mobil dasturiy taʼminot MTVning ota-onalar bilan hamkorligini mustahkamlashga koʻmaklashadi. Ota-onalarga uyda oʻyin jarayonida taʼlim berishni oʻrgatish boʻyicha seminarda ishtirok etish tavsiya etiladi. Ota-onalar, buvi va buvalar hamda aka-uka va opa-singillar uchun moʻljallangan maxsus materiallardan foydalanish imkoni ham taqdim etiladi.

“Jahon banki Oʻzbekiston hukumatining 2017-yildan buyon maktabgacha taʼlim berishni kengaytirish bilan bogʻliq masalalarda erishgan yutuqlarini eʼtirof etadi. Biz MTVni bolalarni maktabga yanada yaxshiroq tayyorlaydigan va ularga, keyinchalik – voyaga yetgach, jamiyatning faol aʼzosi boʻlib yetishishlariga yordam beradigan zarur bilim va koʻnikmalarni oʻrgatish bilan bogʻliq faoliyatida bundan keyin ham qoʻllab quvvatlaymiz”, – dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Marko Mantovanelli.