Maktabgacha taʼlim vazirligida OAV xodimlari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi binosida OАV vakillari uchun “Maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlar samarasi 4 yil ichida” mavzusida ochiq muloqot hamda 9-dekabr “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan vazirlikda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Unda maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021 yillar davomida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga kiritilgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, qamrovni oshirish yuzasidan olib borilayotgan samarali ishlarning natijalari nodavlat sektorining ulushi, bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlovning maqsadi va natijadorligi hamda hamkorlik doirasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ommaviy axborot vositalariga bayonot berildi.

Oʻzbekistonda 35 mln. aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 mln.ni 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar boʻlib, bunda aholining yillik oʻsishi 800 ming bolaga toʻgʻri keladi, mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning umumiy sonidan (2,8 mln.) 1 829 328 bola (2017 yilda – 708 247; 2018 yilda – 932 310; 2019 yilda – 1 413 290;

2020 yilda – 1 699 566 bola) yoki maktabgacha yoshdagi aholining 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi (2017 yilda – 27,7%; 2018 yilda – 37,7%; 2019 yilda – 52,3%; 2020 yilda –60,9%).

Shu bilan birga 2021 yil 3 chorak yakuniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasida 24 922 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti (2017 yilda – 5 211 ta; 2018 yilda – 7 104 ta;

2019 yilda – 13 530 ta; 2020 yilda – 18 254 ta), shu jumladan 6 382 ta davlat va 18 540 ta nodavlat, shu jumladan 803 ta xususiy, 16 646 ta oilaviy va DXSH doirasida 1 091 ta nodavlat MTT faoliyat koʻrsatmoqda.

Yuqoridagi maʼlumotlar esa, foizlar koʻrsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini

2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030 yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.

Ochiq muloqotda Korrupsiya agentligining vakili Mamanov Sardorjon ishtirok etib, Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Tadbir yakunida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga vazirlik masʼullaridan javoblar olishdi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati