“Maktabgacha taʼlim sohasining 2017-2021 yillar davomida erishilgan yutuqlari va keyingi istiqbolli rejalari” mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani tafsilotlari

Joriy yilning 4 avgust kuni Xalqaro Press-klub binosida “Maktabgacha taʼlim sohasining 2017-2021 yillar davomida erishilgan yutuqlari va keyingi istiqbolli rejalari” mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani boʼlib oʼtdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligidan masʼullar, sohaga aloqador xorijiy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Mazkur matbuot anjumani xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021 yillar davomida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga kiritilgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, qamrovni oshirish yuzasidan olib borilayotgan samarali ishlarning natijalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, nodavlat sektorning ulushi, bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlovning maqsadi va natijadorligi hamda hamkorlik doirasida olib borilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Yurtimizda 34,5 mln. aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 mln.ni 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Bunda aholining yillik o‘sishi 800 ming bolaga to‘g‘ri kelmoqda.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari quyidagi turlarga bo‘linadi: umumiy tipdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari 3-7 yoshgacha, maxsus taʼlimga ehtiyoji boʼlgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlari 2-7 yoshgacha hamda bepul majburiy bir yillik maktabga tayyorlov esa 6 yosh boʼlgan bolalarni qamrab oladi.
Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017 yilda 708,247 nafar (27,7%), 2018 yilda 932,310 nafar (37,7%), 2019 yilda 1,413,290 nafar (52,3%), 2020 yilda 1,699,566 nafar (60,9%), 2021 yil iyun oyi holatiga 1,760,808 nafar (62,4%) 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Bu esa, foizlar ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʼrsatadi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini
2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030 yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.
Statistik maʼlumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, mazkur soha rivoji yo‘lida ajratilgan davlat byudjeti xarajatlari yildan-yilga o‘sib borganligini ko‘rish mumkin. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan taʼlim xarajatlari ulushidagi davlat byudjeti harajatlari 2017 yil 15,5% ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilga kelib 21,8% ga ortdi.

Аnjuman davomida maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilgandan so‘ng, erishilgan yutuqlar, bartaraf etilgan xato va kamchiliklar hamda istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Bugungi kunda 417 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida, Yangi qurilish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash investitsiya maqsadli dasturi va Inqirozga qarshi jamg‘arma mablag‘lari doirasida maktabgacha taʼlim tizimida 32 428 ta yangi ish o‘rni yaratildi, jumladan, ular 18 ta yangi MTT lar qurish uchun 2 580 ta ish o‘rni, 131 ta bo‘sh turgan obyektni foydalanishga topshirish uchun 17 270 ta ish o‘rni, mavjud davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruktsiya qilish uchun 12 578 ta ish o‘rni hisobidan yaratildi.
2020 yil oxirida 376 ta obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlandi, jumladan 17 ta MTT qurilishi hisobiga 2 460 ta, 122 ta bo‘sh turgan obyekt rekonstruktsiya qilinishi hisobiga 15 895 ta, 237 ta bo‘sh turgan MTTni rekonstruktsiya qilish hisobiga 11 073 ta yangi joylar yaratilgan bo‘lib, umumiy moliyalashtirish hajmi 1 357,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi. 2017-2021 yillar davomida jami 1449 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Maʼlumot o‘rnida, maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021 yillar davomida jami 91 ta huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilinganini keltirish o‘rinli. Mazkur hujjatlar tarkibini Prezident qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va buyruqlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar tashkil qiladi.
Soha qanchalik rivojlangani sari maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini ko‘paytirishga talab ortib bormoqda.
2017 yilda O‘zbekistonda maktabgacha taʼlim tashkilotlari 5211 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 7104, 2019 yil 13530, 2020 yil 18254, 2021 yil iyun oyi holatiga 19316 tagacha yetgan. Shundan, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 6258 tani (32%), nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari esa 13058 tani tashkil etmoqda. Xususiy sektor turlari bo‘yicha xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 795 tani (6%), davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 1051 tani (8%), oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni esa 11 212 tani (86%) tashkil etmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimining 1-sinfiga keladigan oʼquvchida maktabga tayyorgarlikning ilk poydevori bo‘lishi lozimligi g‘oyasi ilgari surilgan edi. Bu esa o‘z navbatida maktabgacha taʼlim sohasida maktabgacha qamrovning yo‘lga qo‘yilishi hamda unga 6 yoshdagi bolalar jalb etilishi demakdir. Shu asnoda mazkur yo‘nalishga 2018 yilda 250,669 nafar (44,8%), 2019 yilda 436,003 nafar (69,1%), 2020 yilda 507,145 nafar (77,0%), 2021 yil 1-yarim yil yakuniga kelib esa 515,144 nafar bola (77,0%) qamrab olindi. 2025 yilga kelib 744,532 nafar 3-7 yoshdagi bolani qamragan holda, bu ko‘rsatgichni 100% ga yetkazish rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim tizimida pedagog-tarbiyachilarning tutgan o‘rni beqiyosdir. Tizimdagi pedagog-tarbiyachilarning oliy maʼlumotli qatlami ortishiga sharoitlar yaratib berilmoqda.
2018 yilda oliy maʼlumotli pedagog-tarbiyachilar soni 23 272 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 34 180 nafarni, 2020 yilda esa 37 000 nafarni, 2021 yilning hozirgi kun holatiga ko‘ra 40 388 nafarni tashkil etmoqda. Bu degani, oxirgi 4 yil ichida 27,6% koʼrsatkich 31,7% ga yetgan.
Jumladan, hududlarda maktabgacha taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha fakultetlar va maxsus sirtqi guruhlari yaratildi. Pedagog va tarbiyachilarning oylik maoshi bosqichma-bosqich ko‘tarilib, 70 foizgacha yetkazildi. Qolaversa, oliy taʼlim tashkilotlariga qabul kvotalari oshirilib, sohaga mutaxassislarni tayyorlaydigan Puchon Universiteti va А.I.Gertsen filiali tashkil etildi. Puchon universitetida jami 1 198 nafar talaba tahsil olib kelmoqda. I.A.Gertsen filialida esa 2021-2022 o‘quv yiliga jami 405 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. Аyniqsa, bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha taʼlim olish muddatining 3 yil etib belgilangani mutaxassislarning tezkor yetishib chiqishiga imkon yaratadi.
Maktabgacha taʼlim tizimida kichik hamda maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat talablariga muvofiq va xalqaro standartlar asosida “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Maʼlumki, taʼlim jarayonining asosini o‘yin faoliyati tashkil qiladi. Bundan tashqari, bolaga bilim berish bilan birga o‘yin mashg‘ulotlarini o‘tkazish, kommunikativ, ijtimoiy kompetentsiyalar orqali uning shaxsiy fazilatlari rivojlantirib boriladi. Eng asosiysi, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi doirasida har bir maktabgacha taʼlim tashkilotida 5 ta rivojlanish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, pedagog-tarbiyachilar bolajonlarga qurilish va matematika, sanʼat, ilmiy va tabiat, til va nutq, syujetli-rolli o‘yinlar kabi yo‘nalishlarda tahsil berishmoqda.

Maktabgacha taʼlimning muqobil shakliga binoan, 2020 yil 1-bosqichga asosan loyiha doirasida 44 ta olis hududlardagi mahallalarda yashovchi1 536 nafar bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ularning muassasaga kelib-ketishlarini yengillashtirish maqsadida, 16 ta ISUZU rusumli avtobuslar qatnov uchun qo‘yib berildi. 2021 yildagi 2-bosqichga binoan mazkur raqamlar kengaytirilib, 49 ta ISUZU avtobuslari qatnovga yo‘naltirildi. 98 ta borish qiyin bo‘lgan mahallalarda yashovchi jami 4 700 nafar bolalarning maktabgacha taʼlim tashkilotlariga kelib-ketishlariga imkon yaratildi.
Orol dengizi mintaqasidagi bolalar uchun reabilitatsiya markaziga ega boʼlgan, Markaziy Osiyodagi yagona “Imkon” nomli maktabgacha taʼlim tashkilotining tashkil etilgani bolalarning salomatligi mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Yiliga 3000 nafar bolani o‘zida sig‘diruvchi mazkur muassasada mayda motorika va vizual faoliyat, defektolog, ovoz darslari shuningdek, fizioterapiya, sportzal, jismoniy davolash, musiqiy terapiya, sensorli xonalari, yopiq basseyn mavjud.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tegishli sohada Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Polsha va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni yoʼlga qo‘ygan. Shu kunga qadar Maktabgacha taʼlim vazirligi va xorijiy hamkorlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan 66 ta memorandum va kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, UNISEF, UNESCO, KOICА, JICA, TIKA, EXHT, Jahon banki guruhi, Saudiya taraqqiyot fondi, “Россотрудничество” kabi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan birgalikda ish olib bormoqda. Maktabgacha taʼlim sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida 141 mln. АQSh dollari miqdorida xalqaro kelishuvlarga erishilgan. Mazkur sarmoyalar grant, homiylik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostidagi kreditlar ko‘rinishida bo‘lib, jahon banki tomonidan 73.8 mln, АQSh hukumati tomonidan 21.5 mln, Koreya Respublikasi va kompaniyalari tomonidan 18,5 mln, Rossiya (Lukoyl kompaniyasi) 12 mln, Saudiya taraqqiyot fondi tomonidan 10.9 mln va boshqa tashkilotlar tomonidan 4,3 mln АQSh dollarlik kelishuvlarga erishilganini aytish o‘rinli. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan nodavlat maktabgacha taʼlim tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, Islom taraqqiyot banki (30 mln.) va Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi (20 mln.) bilan umumiy qiymati
50 mln. АQSh dollariga teng bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Qo‘shimcha maʼlumot sifatida aytish joizki, UNESCO tomonidan 2022 yilda Toshkent shahrida ilk yoshdagi bolalarga tarbiya va taʼlim berish bo‘yicha Butunjahon II konferentsiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Hozirgi vaqtda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2020 yilda BMTning UNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi bilan birgalikda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilib 2021 yilda amaliyotga joriy etilmoqda. Shu bilan birga Namangan viloyatining Koson, To‘raqo‘rg‘on, Chust va Norin tumanlari va Xorazm viloyatining Bog‘ot va Qushkupir tumanlarida turli yoshdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi o‘yin guruhlari o‘z faoliyatini boshladi. Dasturni amalga oshirish doirasida turli yosh guruhlarida ishlash bo‘yicha bir qator treninglar o‘tkazildi. Jahon banki bilan birgalikda 2020 yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Bolalarning erta rivojlanishini takomillashtirish” loyihasi doirasida maktabgacha taʼlimning turli xil muqobil shakllarini, jumladan respublikaning chekka hududlarida yashovchi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga eʼtibor qaratgan holda “uyga tashrif” va maxsus taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun “Erta rivojlantirish markazlari”ni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

2019-2020-yillarda Maktabgacha ta’lim vazirligi JSST mutaxassislari bilan birgalikda bolalarni ovqatlantirish standartlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati hamda ovqat tayyorlash texnologiyasini ko‘rib chiqdi.

Bu tamoyillarning barchasini amaliyotga tatbiq etish va bolalarni sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun taomlar retsepti kitobi ishlab chiqildi, unda biz ota-onalarning xohishlari va bolalar ehtiyojlarini aks ettirishga harakat qildik. Shuni ta’kidlashni istardimki, bolalar uchun yangi ovqatlanish standartlaridagi asosiy o‘zgarishlar bolalar ratsionida tuz va shakar darajasi pasaytiriladi, sabzavot va mevalar miqdorini oshiradi va u bolalar ratsionidagi zararli yog‘larni yo‘q qilishga qaratilgan. Shuningdek, oqsillar, uglevodlar va yog‘larning (shu jumladan, to‘yingan/to‘yinmagan) kaloriya tarkibidagi fiziologik me’yorlari o‘zgartirildi, yodlangan tuz, kletchatka va mikroelementlar kiritildi.
Mazkur kitob ovqatlanishda odatga aylangan qoidalarni inkor etadi, masalan kompot yoki ichimliklar quruq mevalardan tayyorlansa, shakarsiz bo‘lsa ham mazali va hatto foydali bo‘lishi mumkin; qovoq pyuresi bo‘tqaga shirin ta’m berishi yoki desert sifatida berilishi mumkin, salatga tuz solmasdan limon sharbati bilan ajoyib ta’m hosil qilish, lavlagi sharbati, ko‘katlar yoki ismaloq kabi tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib rang kiritsa bo‘ladi. Taqdim etilgan taomlar sog‘lom, to‘yimli, o‘ziga tortadigan va hattoki qiziqarlidir.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etishning va ular uchun tayyorlanadigan taomlarning retseptlari turlari o‘rganib chiqildi va me’yorlar, bolalarning oziq moddalar va zarur energiya manbalari, oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral moddalarga ehtiyojlari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, ularning sifat xarakteristikalari, sifatsiz holda bo‘lishidagi belgilari, ularni tashishga, qabul qilishga, saqlashga, xavfsizligiga, xom mahsulotlarga ularning tarkibiga, markirovkasiga taomnoma tuzishga qo‘yiladigan barcha talablar ishlab chiqildi va ushbu tamoyillarning barchasini amaliyotga tatbiq etish va bolalarni sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun “Bog‘chalar uchun taomlar retsepti” Aqlvoy oshpaz kitobi ishlab chiqildi va
2021 yil 1 iyun kuni taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir so‘ngida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar tegishli mutasaddilardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Аxborot xizmati.