MAKTABGACHA TA’LIM TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘tgan davr mobaynida sog‘lom va har tomonlama rivojlangan o‘sib kelayotgan avlodning shakllanishini ta’minlashga qaratilgan samarali maktabgacha ta’lim tizimini tashkil qilish bo‘yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, mavjud tizimli kamchiliklar maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

birinchidan, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi holati tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohada, shu jumladan, nodavlat sektorda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, maktabgacha ta’lim sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga, shu jumladan, ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, ularni moddiy-texnik jihatdan qayta jihozlash va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilinmagan;

uchinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining amaldagi holati bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermayapti, mamlakatda aholi sonining o‘sishi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarining haddan tashqari bandligiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik (shu jumladan, o‘yinlar va o‘yinchoqlar) materiallar va badiiy adabiyotlarni tayyorlash hamda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatiga joriy etish ishlari zamonaviy talablarga javob bermaydi;

beshinchidan, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning amaldagi tizimi maktabgacha ta’lim sohasini bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmaydi;

oltinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimining past darajada ekanligi malakali kadrlarni jalb qilish imkonini bermayapti;

yettinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hududiy sog‘liqni saqlash organlari ishini tashkil etishdagi kamchiliklar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, shu jumladan, sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi:

zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish maqsadida investorlarga yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolar, shu jumladan faoliyat yuritmayotgan va tarbiyalanuvchilar soni kam bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini beg‘araz ajratish;

investorlarga maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, ayniqsa, shunday tashkilotlarga yuqori ehtiyoj mavjud bo‘lgan va infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tashkil etish uchun zarur bo‘lgan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalarni, shuningdek, imtiyozli kreditlarni taqdim etish imkoniyati;

investorlar tomonidan vakolatli davlat organlari bilan 50 yil muddatga tuziladigan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv asosida loyihani amalga oshirish;

investorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda nazarda tutilgan shartlarga, maktabgacha ta’lim sohasidagi davlat talablariga, sanitariya-gigiyena normalariga qat’iy rioya etish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmati narxining ijtimoiy hammabopligini ta’minlash;

davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv shartlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda ularni bekor qilish mexanizmlari.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yilda o‘tkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

3. Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tadbirkorlik subyektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-yilda o‘tkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida mazkur amaliyotni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir.

5. Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

6. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlarni, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish va tahlil etish;

maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga, shu jumladan, zarur infratuzilmani yaratishga, xodimlarning mehnatini moddiy rag‘batlantirishga, pedagogik kadrlarni sifatli tayyorlash va malakasini oshirishga, shuningdek, maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sifatli maktabgacha ta’limni tashkil etishga davlat talablarini qayta ko‘rib chiqish;

maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilishning amaldagi tartibini, vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi holatini tanqidiy o‘rganish;

mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

maktabgacha ta’lim tashkilotlarini o‘quv-tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta’minlash tizimini tahlil qilish;

maktabgacha ta’lim tashkilotlarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tartibini o‘rganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish.

7. Komissiya (A.N. Aripov):

“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish davomida ushbu qarorning 6-bandi bilan yuklatilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratsin;

“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorak yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan axborot kiritilishini ta’minlasin.

8. Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish uchun vazirliklar va idoralar mutaxassislarini, respublikaning ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning ekspertlarini belgilangan tartibda jalb etish huquqi berilsin.

9. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishning mexanizmini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh., 2017-yil 9-sentabr, PQ-3261-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha

“YO‘L XARITASI”

T/rTadbirlarning nomlanishiAmalga oshirish mexanizmlariAmalga oshirish muddatlariMas’ul ijrochilar
I. Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va maktabgacha ta’lim muassasalarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish
1.Maktabgacha ta’lim muassasalarini nazorat qilish va boshqarish bo‘yicha mustaqil organ yaratish orqali Xalq ta’limi vazirligining tashkiliy-shtat tuzilmasi, vazifa va funksiyalarini butunlay qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosati va boshqaruv tizimini takomillashtirish.1. Maktabgacha ta’limning boshqaruvi sohasida xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va tajribasini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tashkil etish. 2. Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish. 3. Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiyaga (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) loyihani kiritish.2017-yil
1-dekabrga qadar
Xalq ta’limi vazirligi,
Adliya vazirligi,
Moliya vazirligi, vazirliklar
va idoralar
2.Maktabgacha ta’lim sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish.1. Maktabgacha ta’lim sohasida band bo‘lgan pedagogik tarkibni o‘rganish, mamlakat hududlari kesimida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash. 2. Kadrlar siyosatini amalga oshirish, maktabgacha ta’lim mutaxassislari rezervini shakllantirish va malaka oshirish kurslarida tizimli o‘tishini ta’minlash sohasida xorijiy davlatlar qonunchiligini tahlil qilish va ilg‘or tajribasini o‘rganish. 3. Pedagogik oliy ta’lim muassasalariga (bakalavriat, magistratura) “Maktabgacha ta’lim bo‘yicha pedagog” mutaxassisligi bo‘yicha qabul kvotasini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va Komissiyaga kiritish.2017-yil 1-noyabrga qadarXalq ta’limi vazirligi,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi
3.Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish va bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmaganda, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) davlat interaktiv xizmatlarini joriy etish orqali navbatga qo‘yish tartibini takomillashtirish.1. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish tartibini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlash. 2. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflar ishlab chiqish: qabul to‘g‘risida elektron arizalarni berish, navbatni onlayn tartibda kuzatib borish imkoniyati orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish; davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyati, ularning reytingi va o‘quv-tarbiyaviy jarayonining tarkibi bilan tanishish uchun yagona elektron axborot maydonini yaratish. 3. Bolalarni qabul qilish tartibini takomillashtirishni, shu jumladan, mazkur sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish. 4. Komissiyaga chora-tadbirlar dasturi loyihasini kiritish.2017-yil 1-noyabrga qadarXalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari
vazirligi,
Moliya vazirligi,
Adliya vazirligi,
Bosh prokuratura
4.Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni yaxshilash1. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini qayta ko‘rib chiqish. 2. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini, shu jumladan, bolalar guruhlari (5 dan 6-7 yoshgacha) tarbiyachilarining lavozim maoshini umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining lavozim maoshiga tenglashtirish, shuningdek, rag‘batlantirish mexanizmlarini tashkil etish yo‘li bilan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish. 3. Komissiyaga tegishli takliflarni kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar
Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Mehnat vazirligi
5.Hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.1. Maktabgacha ta’lim muassasalarida, shu jumladan, nodavlat muassasalarda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini tanqidiy o‘rganish. 2. Komissiyaga tegishli takliflarni kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar
Sog‘liqni saqlash vazirligi,
Xalq ta’limi vazirligi,
Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi
6.Sifatli o‘quv-metodik va didaktik materiallar (shu jumladan, o‘yinlar va o‘yinchoqlar) va badiiy adabiyotlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan bosma materiallarni turli tillarda ishlab chiqishning bozori va turlarini rivojlantirish.1. Respublikada maktabgacha ta’lim uchun ishlab chiqilgan, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida foydalanilayotgan o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish. 2. Import qilinayotgan bosma materiallar bozorini o‘rganish. 3. Turli imtiyoz va prefernsiyalarni taqdim qilish orqali xususiy investitsiyalarni keng jalb qilgan holda maktabgacha ta’lim uchun o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlarni tayyorlash, ekspertiza qilish va chop etish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish. 4. Komissiyaga chora-tadbirlar dasturini kiritish.2017-yil
1-dekabrga qadar
Xalq ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi,
Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Ma’naviyat
va ma’rifat” markazi
7.Maktabgacha ta’lim muassasasining namunaviy Ustavi, shuningdek maktabgacha ta’lim muassasasi va ota-onalar o‘rtasidagi namunaviy shartnoma qoidalarini takomillashtirish.1. Amaldagi maktabgacha ta’lim muassasasining namunaviy Ustavi, maktabgacha ta’lim muassasasi va ota-onalar o‘rtasidagi namunaviy shartnoma qoidalarini tanqidiy o‘rganish. 2. Komissiyaga tegishli takliflarni kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar
Xalq ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi,
Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi,
Bosh prokuratura
II. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash
8.Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularning moddiy-texnik jihozlanishi ahvolini o‘rganish, yangi maktabgacha ta’lim muassasalariga, shu jumladan, turar joy massivlari va ko‘p qavatli uylarning qurilishi bo‘yicha davlat dasturlari amalga oshirilayotganligini hisobga olgan holda real ehtiyoj mavjud bo‘lgan hududlarni aniqlash.1. Respublika hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tarkiblarini tasdiqlash. 2. Har bir maktabgacha ta’lim muassasasi joylashgan joyga chiqqan holda inventarizatsiyadan o‘tkazish. 3. Inventarizatsiya yakunlarini umumlashtirish va Komissiyaga aniq takliflar kiritish.2017-yil
1-dekabrga qadar
Xalq ta’limi vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi,
Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi,
Ichki ishlar vazirligi, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
9.Yuridik va jismoniy shaxslarga 1991 — 2017-yillar davomida davlat maktabgacha ta’lim muassasalari binolari berilishi (sotish, bepul berish, boshqacha o‘zgaga berilishi)ning qonuniyligi va asosliligini kompleks o‘rganish.1. O‘rganish o‘tkazish uchun ishchi guruhlar tarkiblarini tasdiqlash. 2. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari binolari begonalashtirilishining qonuniyligi va asosliligini o‘rganish. 3. O‘rganish yakunlarini umumlashtirish va Komissiyaga tegishli takliflarni kiritish.2017-yil 1-noyabrga qadarXalq ta’limi vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi,
Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar
va idoralar
10.Xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun zamonaviy binolar qurilishining norma va qoidalarini takomillashtirish.1. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining inventarizatsiyasi natijalariga asosan maktabgacha ta’lim obyektlari qurilishining norma va qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash. 2. Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun zamonaviy binolar qurilishining norma va qoidalarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish. 3. Qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.2018-yil 1-martga qadarDavlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi,
Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi,
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
11.Yangi maktabgacha ta’lim muassasalarining qurilishiga va amaldagilarini rekonstruksiya qilishga yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarni jalb etish.1. Maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishga yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarni jalb etish, inventarizatsiya natijalari hamda yangi turar joy massivlari va ko‘p qavatli uylar qurilishiga doir davlat dasturlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish. 2. Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun jalb etilgan subyektlarga soliq va boshqa imtiyozlarni taqdim qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash. 3. Chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va uni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.2018-yil 1-aprelga qadarMoliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirliklari,
Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank,
Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari federatsiyalari Kengashi, vazirliklar va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, bank muassasalari
12.Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini, eng avvalo, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobiga rivojlantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish.1. Nodavlat maktabgacha ta’limni rivojlantirish sohasidagi xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini va ilg‘or tajribasini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlash. 2. Toshkent va Nukus shaharlarida, viloyat markazlarida nodavlat maktabgacha ta’limni rivojlantirish, mazkur sohada davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish. 3. Qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar
Adliya vazirligi,
Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi
13.Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining joriy faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi va normalarini takomillashtirish.1. Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish mexanizmining samaradorligi va oqilonaligi nuqtai nazaridan qonunchilikni tanqidiy o‘rganish, shuningdek, moliyalashtirishning eng kam normalarini aniqlashning asosliligini tahlil qilish. 2. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, moliyalashtirishning ustuvorligini aniqlashtiruvchi mezonlarni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqish. 3. Komissiyaga tegishli takliflarni kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi,
Adliya vazirligi,
Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari
14.Shaffof markazlashtirilgan ta’minot tizimini yaratish, yetkazib beruvchilarning sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazish va narx siyosatiga rioya qilish bo‘yicha faoliyatini samarali nazorat qilishni nazarda tutgan holda, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish.1. Qonunchilikni tanqidiy o‘rganish, bolalarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, shuningdek mazkur sohada xorijiy davlatlarning ilg‘or ijobiy tajribasini tahlil qilish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlash. 2. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. 3. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat bilan ta’minlashning yangi tizimini sinab ko‘rish maqsadida Toshkent shahrida joriy etishning eksperimental loyihasini amalga oshirish. 4. Komissiyaga eksperiment natijalari asosida ishlab chiqilgan aniq takliflarni kiritish.2017-yil 1-oktabrga qadar 2017-yil sentyabr — dekabr 2018-yil
15-yanvarga qadar
Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi,
Davlat raqobat qo‘mitasi,
Bosh prokuratura, “Ijtimoiy fikr” markazi,
vazirliklar va idoralar
15.Bolalarning sog‘lom jismoniy rivojlanishi uchun bolalar mebellarini tayyorlash standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.1. Maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom jismoniy rivojlanishi uchun zarur standartlarni hisobga olgan holda bolalar mebellarini ishlab chiqarish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlash. 2. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun bolalar mebellarini tayyorlash standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash. 3. Tasdiqlangan standartlarga muvofiq xavfsiz bolalar mebellarini milliy ishlab chiqaruvchilarni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish va Komissiyaga kiritish.2017-yil
1-oktabrga qadar 2017-yil
1-dekabrga qadar
Sog‘liqni saqlash vazirligi,
Xalq ta’limi vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirliklar va idoralar

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turi o‘zgarishi, shuningdek, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga bog‘liq holda yagona hujjatga birlashishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-son qaroriga
2-ILOVA

Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya

TARKIBI

1.Aripov A.N.O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Komissiya raisi
2.Yunusxodjayev A.N.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi
3.Kuranbayev K.K.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi
4.Sadikov Sh.M.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori
5.Ikramov M.M.O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi
6.Abdullayev I.B.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
7.Inoyatov U.I.O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri
8.Shadmanov A.K.O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri
9.Xodjayev B.A.O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri
10.Davletov R.K.O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri
11.Saidova G.K.O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri
12.Madjidov I.U.O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri
13.Sayfullayev B.S.O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
14.Xaitov A.A.O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri
15.Shermatov Sh.X.O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi
16.Gulyamov R.A.O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi
17.Axmedxodjayev A.I.O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi
18.Abdullayev A.X.O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi
19.Muxammadiyev U.N.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
20.Fayziyev Z.O.“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi
21.Inamova S.T.“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan
xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi
22.Ikramov A.I.O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi
23.Mamadaliyeva X.X.“Oila” ilmiy-amaliy markazi direktori
24.Muxamedov U.S.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i
25.Djurabayev A.A.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari ATD mudiri, Komissiya kotibi.
    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Maktabgacha yoshdagi bolaga singdirilgan bilim va qadriyatlar uning butun kelgusidagi hayotini belgilab berishi sababli maktabgacha ta’lim uyg‘un rivojlangan shaxsni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuni hisobga olgan holda, o‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limni rivojlantirish va samarali faoliyat ko‘rsatishiga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda respublikada 4 893 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularni moliyalashtirishga faqat 2016-yilda Davlat budjetidan 1,6 trillion so‘m ajratilgan.

Ushbu sohada sog‘lom va har tomonlama rivojlangan o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan 57 mingdan ortiq mutaxassislar mehnat qilmoqda.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga ayrim tizimli kamchiliklar to‘sqinlik qilmoqda.

O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti.

Maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining hozirgi holati bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermayapti.

Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning past darajasi bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmaydi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning oziq-ovqat, moddiy ta’minoti va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ham jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan, Davlat rahbari tomonidan 2017-yil 9-sentabrda qabul qilingan”Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Qarorda maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2018-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilandi.

Davlat rahbari tomonidan tashabbus qilingan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi zamonaviy va hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun investorlarga yer uchastkalari va bo‘sh turgan binolarni 50 yil muddatga beg‘araz ajratishni ko‘zda tutadi.

Investorlar tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida davlat ta’lim talablariga, sanitariya-gigiyena va boshqa normalarga rioya qilish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish, shuningdek, maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bunda investorlarga keng soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, shuningdek, imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish to‘g‘risida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berildi.

Mazkur eksperimentlar yakunlari bo‘yicha respublikaning boshqa hududlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini va maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qaror bilan ushbu sohadagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zarur infratuzilmani yaratish va maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu bilan bir qatorda, sifatli maktabgacha ta’limni tashkil etishga davlat talablari, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash hamda joriy etish ishlari ham zamonaviy talablarga muvofiqlashtiriladi.

Qarorda vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilishni soddalashtirish ham o‘z ichiga olgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.

Nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish maqsadida Komissiyaga mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amalga oshirilishi mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash imkonini beradi.