Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini korreksion-pedagogik va reabilitatsion uskunalar bilan jihozlash dasturining uchinchi bosqichi amalga oshirildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi mart oyida 2021 yilda boshlangan maxsus ehtiyojli bolalarga samarali korreksion-pedagogik va reabilitatsion yordam ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirmoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi alohida ta’limga muhtoj bolalarga yordam berishga alohida e‘tibor qaratmoqda. Vazirlik faoliyati davomida maktabgacha ta’lim sohasini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim-tarbiya va reabilitatsiya jarayonlari amalga oshiriladigan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tuzildi.

Bu tashkilotlarda maxsus pedagoglar, logopedlar, surdo-pedagoglar, shuningdek tibbiyot xodimlari rivojlanish xususiyatiga ega bo‘lgan bolalar bilan shug‘ullanadilar. Bolalarning ta’lim-tarbiyasi va ijtimoiy moslashuvi samaraliroq bo‘lishi uchun zamonaviy amaliyotda maxsus asbob va uskunalar qo‘llaniladi. Ulardan foydalanish reabilitatsiya sifati va samaradorligining yuqori ko‘rsatkichlarini beradi, bolaning imkoniyatlari va salohiyatini ochib beradi va tezroq natijalarga erishishga imkon beradi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Toshkent shahri va respublika viloyatlarida ushbu turdagi barcha tashkilotlarni zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan izchil jihozlash Dasturini ishlab chiqdi. Dasturning birinchi va ikkinchi bosqichlari doirasida Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari jihozlandi.

31 avgust kuni dasturning navbatdagi, uchinchi bosqichi amalga oshirildi, dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi viloyatlarining 53 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari maxsus jihozlarga ega bo‘ldi.

Alohida ehtiyojli bolalarga maktabgacha ta’lim sifatini oshirish uchun quyidagi hududlarga yetkazib beriladi:

Tayanch-harakatida kasalliklari bo‘lgan bolalar uchun maxsus ortopedik funksional stullar, buning natijasida bolalarning o‘qish, faol hayot kechirish va to‘laqonli qulay dam olish imkoniyatlari oshadi;

bolaning tayanch-harakati tizimini rivojlantirish va kuch, chaqqonlik, chidamlilik, shuningdek, qat’iyat kabi jismoniy imkoniyatlarning namoyon bo‘lishi uchun trenajyorlari;

vertikalizatorlar – bolaga tashqi yordamsiz tik holatini saqlashga imkon beradi va shu bilan birga bola o‘zini psixologik jihatdan yaxshi his qiladi, atrofdagi dunyoni o‘rganadi va tengdoshlari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, unga pedagoglar bilan muomala qilishi osonroq bo‘ladi;

bolalarning nogironlar aravachalari-bu faol hayot tarzini olib borishga va mustaqillik ko‘nikmalarini rivojlantirishga imkon beradi;

ortopedik yurish trenajyorlari, bizibordlar, quruq hovuzlar, maxsus massaj matlari va didaktik materiallar.

Eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun maxsus asbob-uskunalarni, shu jumladan, zamonaviy eshitish apparatlari va audio mashg‘ulot xonalari uchun uskunalarning topshirilishi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi viloyatlarining ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash dasturi «FALCON HUNTING SOLUTIONS» MChJning 18,5 milliard so‘mlik grantlar ajratish orqali beg‘araz moliyaviy yordami hisobiga amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, “FALCON HUNTING SOLUTIONS” MChJ Namangan viloyati Pop tumanida va Xorazm viloyati Gurlan tumanida ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish va to‘liq jihozlashni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Joriy yil oxirigacha respublikamizdagi barcha ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari maxsus jihozlar bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati