Maktabgacha ta’lim vazirligida “Zamonaviy usullar orqali maktabgacha ta’lim sifatini ta’minlash” mavzusida onlayn avgust konferensiyasi o‘tkazildi

Bugun maktabgacha ta’lim tizimida “Zamonaviy usullar orqali maktabgacha ta’lim sifatini ta’minlash” mavzusida onlayn avgust konferensiyasi o‘tkazilib, 2021-2022 oʻquv yili uchun maktabgacha ta’limning asosiy yillik vazifalari belgilab olindi. Avgust konferensiyasi maktabgacha ta’lim sohasidagi davlat siyosatining strategik yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun professional va jamoatchilik muhokamasining asosiy munozara maydonchasi hisoblanib, konferensiyada oʻtgan oʻquv yili natijalari sarhisob qilindi, “oʻsish nuqtasi” aniqlandi, kelgusi oʻquv yili uchun asosiy vazifalar belgilandi.

Avgust konferensiyasi videokonferensaloqa formatida oʻtkazilib unda, Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari – Begimkulov Uzoqboy Shoimqulovich tomonidan,

-“2020-2021 oʻquv yili natijalarining sarhisobi”;

-Hududiy maktabgacha ta’lim boshqarmalarining hisoboti «2020-2021 oʻquv yili uchun yillik vazifalarning bajarilishi: muammolar va ularni hal etish yoʻllari» (3 ta tanlab olingan hudud misolida);

-2021-2022 oʻquv yili uchun belgilangan yillik vazifalar bilan tanishish kabi mavzularda  taqdimot qilindi.

-Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi- Grosheva Irina Vladimirovna tomonidan,

-“Ta’limiy-rivojlantiruvchi muhit – maktabgacha ta’lim sifatining eng muhim sharti sifatida» mavzusida  taqdimot qilindi.

-Maktabgacha ta’lim vazirligi Pedagog kadrlar sifatini oshirish va pedagogika kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi – Gaffarov Feruz Xasanovich tomonidan,

-“Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi pedagogika kollejlarida dual tizim boʻyicha kadrlar tayyorlashning istiqbollari” mavzusida  taqdimot qilindi.

Sirdaryo viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari tomonidan,

-Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini  oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4708-son qarori ijrosi boʻyicha Sirdaryo viloyati tajribasi mavzusida  taqdimot qilindi.

Xorazm viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari tomonidan,

-“Ta’lim-tarbiya jarayonlariga noan’anaviy yondashish boʻyicha Xorazm viloyati tajribasi” mavzusida  taqdimot qilindi.

Konferensiya davomida 2021-2022 oʻquv yili uchun maktabgacha ta’limning  quyidagi asosiy yillik vazifalari belgilab olindi:

1. Oʻzbekiston Respublikasining  “Maktabgacha ta’lim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonuni,  “Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standarti”dan kelib chiqqan holda pedagog kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, qayta tayyorlash, malakasini oshirishga yangicha yondashuvlarni joriy etish orqali maktabgacha ta’lim tizimi pedagog xodimlarining zamonaviy pedagogik va boshqaruvchanlik kompetensiyalarini oshirish.

2. “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi,  “Ilm Yoʻli” variativ oʻquv dasturi va
2-7 yoshli alohida ehtiyojli bolalar uchun moslashtirilgan oʻquv dasturlarini ta’lim-tarbiya jarayonlariga tadbiq etish orqali bolalarni boshlangʻich ta’limga sifatli tayyorlashni takomillashtirish.

3. Zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanib, maktabgacha yoshdagi bolalarga shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv orqali boshlangʻich matematik tushunchalar va chet tillarini oʻrgatish  shakllari va usullarini takomillashtirishni davom ettirish.

4. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolaning shaxsiyatini rivojlantirish va tarbiyalashda,  professional yordam koʻrsatishda  oila, mahalla, maktab bilan hamkorlik qilish hamda ularni maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish va  COVID-19 kabi boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish profilaktikasi jarayonlariga jalb etish kabi yillik vazifalar belgilandi.

Konferensiya  yakunida Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari – Begimkulov Uzoqboy Shoimqulovich 2020-2021 oʻquv yili natijalariga koʻra, maktabgacha ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh mutaxassislarni vazirlikning maqtov yorligʻi va tashakkurnomalari bilan taqdirladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati