MAKTABGACHA TA’LIM TIZIMI BOSHQARUVINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

news-detail

Maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanib, u har tomonlama sog‘lom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik yillarida respublikada ta’lim-tarbiya tizimi va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari darajasiga ko‘tarildi. Biroq, o‘tkazilgan tahlillar maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlarning samarasi va natijasi yetarli darajada emasligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, so‘nggi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizdan ziyodroq kamaygan bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘yicha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 30 foizni tashkil etadi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy talabga javob bermaydi.

Maktabgacha ta’lim tizimida variativ dasturlar joriy etilmagan, bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha muqobil, moslashuvchan modellar yetarli darajada rivojlanmagan hamda taraqqiy etgan mamlakatlar singari ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish, atrof muhit bilan tanishuvga yo‘naltirilgan maxsus davlat ta’lim dasturlari tatbiq qilinmagan.

Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning aksariyati o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, bolalarni maktab ta’limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermaydi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim sifati monitoringini yuritish tuzilmaviy va tashkiliy jihatdan nazarda tutilmaganligi sababli, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonining sifati va samaradorligini baholash zamon talablariga javob bermaydi.

Xorijiy davlatlar ilg‘or tajribasining tahlili zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish uchun sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilganligi bilan tavsiflanib, bolaning ijobiy ijtimoiylashuvi imkoniyatlarini namoyon qilish, uning har tomonlama shaxsga oid ma’naviy-axloqiy va ongli rivojlanishi, maktabgacha yoshga oid tegishli faoliyat turlari asosida tashabbuskorligi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, muloqot doirasida katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ochishga qaratilgan.

Uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda ularning tuman(shahar)lardagi bo‘limlari tashkil etilsin.

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:

birinchidan, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;

ikkinchidan, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

uchinchidan, respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, budjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, bolalarning maktabgacha ta’limi va tarbiyasining muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish;

to‘rtinchidan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta’lim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan nodavlat sektorida joriy etish;

beshinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ta’minlash;

oltinchidan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

yettinchidan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish;

sakkizinchidan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash uchun munosib sharoitlar yaratish, ko‘ngilochar va bilim beruvchi mashg‘ulotlar elementlari bo‘lgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat o‘yinlar va mashqlar uyushtirish;

to‘qqizinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish.

3. Idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, barcha davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga belgilangan tartibda o‘tkazilsin.

4. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim sohasidagi barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markazi negizida Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tarkibiga kiritilsin hamda unga ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktor va mutaxassislarida zamonaviy menejment va pedagogik texnologiyalar bo‘yicha sohaga oid bilimlar va ko‘nikmalarni shakllantirish vazifalari yuklatilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha komissiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish hamda ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashish;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarining rahbarlik bo‘g‘inlarini vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qodir, chuqur bilim hamda yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan tajribali va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish;

maktabgacha ta’lim tizimining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hududlar bo‘yicha o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra pedagogika yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

respublika hududlarida 50, 70, 100, 120 va 150 o‘ringa mo‘ljallangan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘shimcha barpo etish orqali bolalarni maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olish, bolalarga maktabgacha ta’lim-tarbiya berishning muqobil turlarini amaliyotga joriy etishga qaratilgan kompleks dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihasini kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va Xalq ta’limi vaziri U.I. Inoyatov zimmasiga yuklansin.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
MELQO xalqaro baholash vositasi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini baholash natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2024-yil 22-aprel holatiga MA’LUMOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash vositasi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan.          MELQO xalqaro baholash vositasi ikkita moduldan iborat. Birinchi modul – MODEL. Ushbu modul bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida o‘tkazilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri baholash orqali amalga oshiriladi. Ikkinchi modul MELE - u direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi, shuningdek, tarbiyachini guruhdagi bolalar bilan ta’lim-tarbiya jarayoni davomida kuzatadi.           Respublikaning 14 ta hududida 250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha jadvalga muvofiq maktabgacha ta’lim sifatini o‘lchash bosqichi amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25-mart kunidan 2-aprel kuniga qadar o‘tkazilgan seminar-treninglar doirasida 90 nafar ma’lumotlarni to‘plovchi milliy ekspertlardan 60 nafari imtihon sinovlaridan muvafaqyatli o‘tdi. Ushbu 60 nafar milliy ekspertlar 2024-yil 8-aprel kunidan boshlab ma’lumotlarni to‘plash jarayonini boshlashdi. Milliy ekspertlar tarkibidan 20 ta guruh tashkil etilib, unda 40 nafar milliy ekspert MODEL (bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida) va 20 nafari MELE (direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi) moduli bo‘yicha shakllangan.          250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash quyidagi toifalar asosida amalga oshiriladi: har bir DMTTdan 4 nafar ota-ona (1000 nafar ota-ona), 4 nafar bola - (1000 nafar bola), 250 nafar direktor, 250 nafar tarbiyachi. Ma’lumotlar to‘plash planshetlar yordamida maxsus yaratilgan elektron ilovada amalga oshiriladi. Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim Agentligi tomonidan muvofiqlashtirilib, bugungi kunda respublikaning 14 ta hududida maxsus seminar-treninglarni tamomlagan mutaxassislar tomonidan jarayonni texnik jihatdan raqamli ilovaning uzluksiz ishini qo‘llab quvvatlash, ma’lumotlarni to‘plash jarayonini kuzatish ishlari olib borilmoqda. Hududiy boshqarmalar tomonidan milliy ekspertlar tomonidan DMTTlarga to‘sqinliksiz kirish va o‘z ishini tashkil qilishda, shuningdek DMTTlarning geopazitsiyasini ta’minlashda barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.          Milliy ekspertlar tomonidan ma’lumotlarni to‘plash jarayoni belgilangan grafik asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda hech qanday muammolar mavjud emas.          2024-yil 22-aprel kuni holatiga belgilangan 250 ta DMTTdan 157 tasida (62,8%), 1000 nafar ota-onadan 628 nafaridan, 1000 nafar boladan 628 nafaridan, 250 DMTT direktorlaridan 157 nafar va 250 nafar tarbiyachidan 157 nafaridan ma’lumotlar bazasi shakllandi. Barcha ma’lumotlar hududlar kesimida ilova qilinadi. Rejadagi ishlar: 1. 2024-yil 5-mayga qadar hududlardagi 93 ta DMTTda tadqiqotni o‘tkazish va ma’lumotlarni to‘plash. 2. 2024-yil 31-may qadar xalqaro ekspertlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar qayta ishlanadi. 3. 2024-yil 31-iyunga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan dastlabki hisobot olinadi. 4. 2024-yil 30-sentyabr kuniga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan yakuniy hisobot olish. 5. 2024-yil noyabr oyida maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazish. 6. MELQO xalqaro baholash tizimini maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasi milliy tizimiga integratsiyalash.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan. 2024-yil 1-chorak holatiga ko‘ra quyidagi ishlar amalga oshirildi: MELQO xalqaro  baholash vositasi O‘zbekiston Respublikasi ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirildi; barcha materiallar raqamlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tanlab olish mezonlari ishlab chiqildi (shahar, tuman (qishloq) hududlari, 5-6 va 6-7 yoshli guruhlarning mavjudligi, genderlik/o‘g‘il bola va qiz bola);   Jahon bankining xalqaro ekspertlari ishtirokida tasodifiy tanlov (rondom usulida) har bir hududdan 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tanlov natijalari quyidagicha amalga oshirildi: shahar hududi –  68 (24%) tuman (qishloq) hududi –  182 (76%); 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har bir hududdan manzilli ro‘yxati shakllantirildi; 2024-yil 12-mart kuni joylarda ta’lim sifatini baholash jarayonini tashkil qilishda ko‘maklashadigan hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari mas’ul vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi; 2024-yil 18-20 mart kunlari Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash ishlariga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan DMTT direktorlari, metodistlari va tayyorlov guruh pedagoglari uchun onlayn seminar tashkil etildi; 2024-yilning 25-29 mart kunlari Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 30 nafar trenerlarni ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida  tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar hamda 25 martdan 2 aprel kuniga qadar Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 60 nafar trenerlarni bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. Treningda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 8 nafar, Maktabgacha ta’lim agentligining 10 nafar, ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 30 nafar, bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 60 nafari ishtirok etishdi. Seminar-treningda Sherri Li Motte – pedagogika fanlar doktori (DSc) Jahon bankining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchi, Djonatan Seydan – Garvard universiteti ta’lim siyosati va dasturlarini baholash bo‘yicha (PhD) o‘z treninglari bilan ishtirok etishdi. Unda tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tashkilot direktori, ota-onalardan so‘rovnomalar olish hamda guruhni kuzatish orqali baholash bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, trening ishtirokchilari seminar-treningda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash va tajriba oshirish maqsadida joriy yilning 29-mart hamda 1-2 aperel kunlari tushlik vaqtiga qadar Chilonzor tumanidagi 24-, 215-, 256-, 261-, 291-, 538-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amaliyot o‘tashdi. Seminar-treningni tamomlagan ma’lumotlarni yig‘uvchilar (hisobchilar), O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari, Maktabgacha ta’lim agentligining vakillari uchun yakuniy test sinovlari  tashkil etildi va natijalari bo‘yicha xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, hududlarda ma’lumot yig‘ish jarayoniga faqat sertifikatlangan mutaxassislar jalb qilinadi. 2024-yil 8-apreldan 3-mayga qadar hududlardagi 250 DMTTlarda ma’lumot yig‘ish jarayoni amalga oshirilishi rejalashtrilgan bo‘lib, reja-grafik ishlab chiqildi va mazkur grafik asosida hozirgi kunda tanlab olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida baholash ishlari o‘tkazilmoqda.   Ma’lumot uchun: MЕLQO nima? - Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro vosita. MELQO – mamlakat darajasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan (boshlang‘ich ta’limga o‘tishdan oldin) bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga mo‘ljallangan vositadir. MELQO – ko‘plab mamlakatlarda sinovdan o‘tgan va milliy baholash tizimlarini rivojlantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi. MELQO – bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) va ta’lim muhiti (MELE) ikki moduldan iborat bo‘lib, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha bolalarning rivojlanishi va ta’lim muhiti haqida to‘liq ma’lumot beradi. MODЕL moduli bolani bevosita kuzatish va ota-ona (uning o‘rnini bosuvchi shaxs) bilan suhbatlashish orqali erta ta’lim va rivojlanishning darajasini baholaydi. MELE moduli guruhda ta’lim muhitini kuzatish, pedagog va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori bilan suhbatlar orqali baholanadi. MELQO baholash vositalari o‘z modullari (MODEL, MELE)  bilan O‘zbekiston Respublikasi Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilingan.    

Maktabgacha ta'lim agentligi
TILDA, FIKRDA, ISHDA BIRLIK

Muhtaram Prezidentimiz jaddid bobolarimizning ushbu g‘oyasini doimiy shiorimiz bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidlagan edilar.  Darhaqiqat, qayerdaki til, fikr, ish birligi bo‘lsa, ya’nikim hamjihatlik bor joyda olg‘a siljish, rivojlanish bo‘ladi.    Bugun Yangi O‘zbekiston oldida turgan eng dolzarb vazifa – yosh avlod kamoloti yo‘lida qayg‘urish, pirovardida esa, mamlakat kelajagini yuksak darajalarda rivojlantirishdan iborat. Hech shubha yo‘qki, yoshlarni munosib vorislar etib tarbiyalashning eng maqbul yo‘li, bu – ma’naviyat, bu – ma’rifat yo‘lidir!   To‘raqo‘rg‘on tumanining “Yakkatom” mahallasida joylashgan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fidoiylari” shiori ostidagi tadbir ana shu yuksak maqsadlar ro‘yobi yo‘lida tashkil etildi.    Aytish joizki, mazkur mahalla tuman hokimi sektori hisoblanadi. Umuman olganda esa, hokim sektori hududida 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bor.       O‘tkazilgan tadbirga ana shu tashkilotlarning direktorlari, metodistlari taklif etildi. Unda so‘zga chiqqan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘ba rahari Muhabbat Karimovaga ko‘ra:    – Biz maktabgacha ta’lim yoshidagi farzandalarimizni, ayniqsa, tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarini maktabga sifatli tayyorlay olyapmizmi? Ularga qanday ta’lim, qanday tarbiya beryapmiz? Zamon bilan hamnafas qadam tashlayapmizmi? Farzandlarimizdagi tug‘ma qobiliyatlarni o‘stirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Ularni yaqin va uzoq tariximiz bilan kengroq tanishtirish, ulug‘ siymolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni farzandlarimizga ko‘proq singdirish uchun tarbiyachilarimizning o‘zlari qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir orqali shu kabi savollarga javob topish bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi u.  Shubha yo‘qki, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim ham son, ham sifat jihatdan o‘zgardi. Buning birgina misoli – mazkur tashkilot. Uning mana bu muhtasham binosi 2022-yilda davlat-investitsiya dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endilikda bu yerda 6 ta guruh kesimida qamrab olingan 140 nafar 3 – 7 yoshli bola, zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 11 nafar pedagog ta’limning “Ilk qadam” bosqichi sabog‘ini bermoqda.  Darhaqiqat, mazkur tadbirda o‘zbek xalqining buyuk siymolari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirildi. Ular ijodidan she’r va qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, tashkilotlarning musiqa rahbarlari hamjihatligida taqdim etilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘rgazmali va badiiy chiqishlar, ular tomonidan xalq ertaklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirdi.  Eng muhimi, tadbir davomida yosh iqtidorlar kashf etildi. Masalan, ushbu ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Abdulhamidov yaqinda 6 yoshga to‘ladi. U hali bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay shahmat donalari ustida kattalar bilan ham bemalol bellasha olishini amalda ko‘rsatib berdi.     Tadbir davomida yana bir iqtidor egasi – Dildora Yo‘ldashaliyeva ijro etgan raqslar barchani lol qoldirdi. U ayni paytda hokim sektori hududida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “G‘unchaoy” nomli tayyorlov guruhida tarbiyalanar ekan. Eng qizig‘i, endigina 6 yoshni qarshilayotgan bu qizaloq tumanning “Mozorko‘hna”  mahallasida yashovchi tadbirkor oilada tavallud topganiga qaramay, uning beg‘ubor qalbida halitdan san’atga bo‘lgan oshnolik, mehr va ishtiyoq barchani lol qoldirdi. Boz ustiga, oftobday charaqlab turgan bu qizchaning guruhdosh o‘rtoqlari Mushtariy Jo‘raboyeva, Ziyoda Solijonova, Mubina Ibrohimova, Zilola Ma’rufjonovalar ham raqs bobida ilk qadamlarini Dildora bilan yelkadoshlikda tashlashmoqda.  Tadbir davomida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulot va shuningdek, musiqiy rahbarlar jo‘rligidagi jonli konsert ishtirokchilar davrasiga ko‘tarinki zavq va shukuh baxsh etdi.

Вид сайта
Размер шрифта