QOʼQON PEDАGOGIKА KOLLEJI 100 YOSHDА

Joriy yilning 27 iyul sanasi Fargʼona viloyati Qoʼqon shahar maktabgacha taʼlim boʼlimi tasarrufidagi Qoʼqon pedagogika kollejining 100 yilligi keng nishonlandi. Kollejda moʼjazgina muzey mavjud boʼlib, uning yaratilish tarixi bilan uzviy bogʼliqdir. Shu kuni “Kasbim – faxrim” shiori ostida oʼquvchi qizlar oʼrtasida koʼrik-tanlov oʼtkazildi.

Hamshaxrimiz Аshurali Zoxiriy va akademik Qori Niyoziylar taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlash uchun “Dorilmuallim” oʼquv markazini tashkil qilishgan. – deydi, Qoʼqon pedagogika kolleji direktori Gulhayo Rasulova. – U yerda oʼzimizning dunyoga tanilgan 13 qaldirgʼochimiz taxsil olib ketishgan. Ular orasida akademiklar, xalq qaxramonlari, olim hamda yozuvchilar bor. Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufida boʼlgan 96 ta pedagogika kollejlari asosan maktabgacha taʼlim muassasalari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlarini olib borishmoqda. Bu borada vazirlik tomonidan bizning uslubiy metodik qoʼllanmalarimiz, moddiy jihozlanishimiz, oʼqituvchilarimizni malakasini oshirish boʼyicha hamkorlik ishlari juda yaxshi yoʼlga qoʼyilgan.

100 yil bilan yuzlashgan ilm maskani hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufiga oʼtkazilgan boʼlib, maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun tarbiyachi hamda shu kabi yoʼnalishlar boʼyicha mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Tanlov orqali tinglovchilar berilayotgan bilimlarni qanday oʼzlashtirishlari, mehnat bozoriga qay darajada tayyor ekanliklari sinovdan oʼtkazildi. Ishtirokchilarning maskanda olib borilayotgan oʼqitish metodikasi qay darajada ekanligi bilan bir qatorda amaliy koʼnikmalari ham baholandi. Shuningdek, boʼlajak tarbiyachilarning markazlar bilan ishlash mahoratlari, ravon va sodda usulda, bolalarga xos tarzda oʼz fikrini tushuntirishlari sinaldi. Belgilangan maʼlum vaqt davomida ishtirokchilar oʼzbek milliy ertak qaxramonlari boʼlmish Zumrad va Qimmat siymolari aks etgan qoʼgʼirchoqlarni yasashdi. Ular oʼzlarining mahoratlarini shu kabi yana bir qator shartlar, kompyuter savodxonligi, erkin mavzuda sanʼatga oshnoliklari borasida namoyon etdilar. Koʼrik-tanlov yakuniga koʼra Mushtariy Mirzamatova gʼolib deb topildi. Bundan tashqari, “Eng zukko tarbiyachi”, “Eng bolajon tarbiyachi” kabi nominatsiyalar ostida qatnashgan oʼquvchilarning har biri taqdirlandilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Аxborot xizmati.