Rasmiy munosabat

Maktabgacha ta’lim vazirligi «Rost24.uz» saytida e’lon qilingan jurnalistik surishtiruv yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

Andijon viloyatida hozirda 64 ta mahallada bolalar bogʻchasi mavjud emas. Ushbu 64 ta MFY dagi bolajonlarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish yuzasidan 2022-2024-yillar davomida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari ochish rejalashtirilgan. Shuningdek viloyatda shu kunga qadar 84 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari filiallaridan 71 tasi asosiy davlat tashkilotlariga  aylantirilgan. 13 tasi davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sifatida faoliyat koʻrsatishi uchun tadbirkorlarga berilgan.

Barcha DMTTlar sovutgichlar bilan taʼminlangan. 2022-yil davlat dasturiga 17 ta (1 ta yangi qurilish, 16 ta rekonstruksiya) DMTTlar kiritildi va 2023-yil uchun 25 tasini dasturga kiritish takliflari ishlab chiqildi. Shuningdek, hozirda 16 ta (Asakada  4 ta, Boʻstonda 1 ta, Ulugʻnorda           1 ta, Paxtaobodda 4 ta, Shaxrixonda 6 ta) bogʻchaga ichimlik suvi tashib keltiriladi,  18 ta tashkilotning qisman atrofi oʻralmagan.

Bundan tashqari, bugungi kunda viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida musiqa mashgʻulotlari oʻtish uchun sharoit yaratilgan hamda barchasida kichik kutubxonalar (kitobxonlik burchagi) tashkillashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi qaroriga asosan mamlakatimizdagi 53 ta tumanda 2021-2022-yillarda maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, 1991-yilda Oʻzbekiston Respublikasida jami   10 134  ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan. Aholining oʻsish suratlari boʻlishiga qaramay MTTlar soni 2016-yilda 4 916 ta boʻlgan. 2017-yilda MTTlar soni  5 211 tani (4961 ta davlat va 250  ta nodavlat) tashkil etgan boʻlsa, bugunga qadar ularning soni, yaʼni 2021-yil sentyabr oyi holatiga koʻra 24 922 taga (6 382 ta davlat va 18 540  ta nodavlat) yetdi.

Shuningdek, maqolada “Yangihayot tumanidagi   248, 99, 21, 24, 53, 204, 206-bogʻchalar qurilishi hali bitmagan”i taʼkidlangan. Aslida 248-DMTT Olmazor tumanida joylashgan boʻlib, tashkilotni rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi Investitsiya dasturi toʻgʻrisidagi PQ-4067-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan. Obyektda qurilish-montaj ishlari bajarilayotgan vaqtida loyiha-smeta hujjatlarida koʻzda tutilmagan qoʻshimcha ish hajmlari borligi sababli pudratchi tashkilot tomonidan qoʻshimcha mablagʻ talab etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-noyabrdagi 159-sonli Rayosat bayoniga asosan 900,0 mln. soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilganligi va bugungi kunda mazkur obyektni rekonstruksiya qilish boʻyicha (2 bosqich ishlari uchun) tegishli vazirlik va idoralarga 2021-yildan 2022 yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Rayosat bayoniga kiritilishi boʻyicha takliflar berilgan.

Yunusobod tumanidagi rekonstruksiya qilinishi lozim boʻlgan 99-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning pudratchi tashkilotiga nisbatan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan va hozirda prokuratura tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoiy ish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Obyektni bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmaganligi va qurilish ishlari yakunlanmaganligi hamda qurilish normalariga zid ravishda qurganligi sababli pudrat tashkiloti bilan tuzilgan pudrat shartnomasi bir tomonlama bekor qilingan. Obyektni qurilish ishlari 2021-yildan 2022-yilga oʻtishi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritilgan.

Shayhontoxur tumanidagi 21-sonli MTTni rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning yer maydoni Fransiya elchixonasining hududiga tegishli boʻlganligi sababli qurilish ishlari toʻxtatilgan edi. Hozirgi kunda qurilish ishlariga ruxsat berilib, qurilish ishlari (tashqi obodonlashtirish, pardozlash, besetka, beton stayashka ishlari) amalga oshirilib, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Chilonzor tumanidagi 24-sonli MTTni rekonstruksiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2021-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda rekonstruksiya qilish binosining qurilish ishlari yakunlangan, qoʻshimcha qurilish (oshxona) binosi va tashqi obodonlashtirish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda, joriy yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshiriladi

Yunusobod tumanidagi 53-sonli MTTni rekonstruksiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda qurilish ishlari (tashqi obodonlashtirish, binoni ichki qismida rang berish ishlari) amalga oshirilib, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Chilonzor tumanidagi 204-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda qurilish ishlari (kafel terish, laminat, tashqi obodonlashtirish) amalga oshirilmoqda, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Yunusobod tumanidagi 206-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning qurilish ishlari (kafel terish, laminat, tashqi obodonlashtirish) ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Koson tumanidagi “Zamin” MFYda 1976-yil,    “Binafsha” nomli sobiq 17-sonli MTM qurilgan boʻlib, bola qamrovi past boʻlganligi sababli 2014-yilda faoliyati toʻxtatilgan. 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya manzilli dasturiga kiritib rekonstruksiya qilish va davlat maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etish boʻyicha taklif berilgan. Hozirgi kunda loyihalash ishlari ketyapti.

Namangan viloyati Chust tuman “Yangi yer” MFY hududida joylashgan 63-soni MTT 1971-yilda qurilgan. Quvvati 50-oʻrinli. Moslashtirilgan binoda faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda ushbu tashkilotga 66 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan. Bugungi kunga qadar tashkilotning asosiy binosining isitish tizimi, hojatxonasi va qoʻrgʻon devori tuman MTB tashabbusi hamda jalb etilgan homiylar koʻmagida taʼmirlangan. Bundan tashqari, joriy haftaning dastlabki kunlarida tashkilot hovlisidagi mavjud yoʻlaklar asfaltlab berildi.  Tashkilotda kapital rekonstruksiya ishlarini 2022-2025-yillar davomida “Investitsiya” davlat dasturi asosida amalga oshirish  rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi OʻRQ-595 sonli qarorning                  9-moddasida koʻra, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida litsenziyalar berish vakolati yuklatilgan. Shu sababli, mazkur xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻzlarining belgilagan Nizomiga koʻra, bolalar badal pulini tadbirkor oʻzi ixtiyoriy tartibda belgilaydi. Shuningdek, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat masalasi boʻyicha, unda shaffoflikni oshirish yuzasidan bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasi Toshkent shahri  Bektemir tumanida tajriba-sinov qismi boshlandi.

Hozirda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarga sifatli taʼlim  berish maqsadida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi ishlab chiqilgan. Shuningdek, Gersen nomidagi Moskva davlat Pedagogika Universitetining Toshkent shahri filiali hamda Maktabgacha taʼlim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida onlayn va offlayn tarzda soha muttaxassislari qayta tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda Investitsiya dasturi asosida viloyatlardagi eng chekka hududlarida maktabgacha taʼlim tashkilotlari qad rostlamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan chekka hududlardagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar badal puli 8 ta viloyatning 50 ga yaqin tumanlarida 50% chegirma qilindi. Bu esa mazkur hududdagi bolajonlarni maktabgacha taʼlim qamrovi kengayishiga xizmat qilmoqda.

Maktabgacha taʼlim vazirligi maqolada keltirilgan maʼlumotlar va raqamlarning xato ekanligini qayd etadi. Xususan 2021-yilga kelib bogʻcha yoshidagi 2,8 million nafar bolaning 64,9 foizi maktabgacha taʼlimga bilan qamrab olinganini maʼlum qilamiz. 

Xususan,  maqolada MTTlar soni ortmayotgani taʼkidlangan. Ushbu vajni rad etgan holda, aniq raqamlarni keltirsak:

Oʻzbekistonda 35 mln. aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 mln.ni 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar boʻlib, bunda aholining yillik oʻsishi 800 ming bolaga toʻgʻri keladi. Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning umumiy sonidan (2,8 mln.) 1 829 328 bola (2017-yilda – 708 247; 2018-yilda – 932 310; 2019-yilda – 1 413 290; 2020-yilda – 1 699 566 bola) yoki maktabgacha yoshdagi aholining 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi (2017-yilda – 27,7%; 2018-yilda – 37,7%; 2019-yilda – 52,3%; 2020-yilda –60,9%).

Shu bilan birga 2021-yil 3 chorak yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida 24 922 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti (2017-yilda – 5 211 ta; 2018-yilda – 7 104 ta; 2019-yilda – 13 530 ta; 2020-yilda – 18 254 ta), shu jumladan 6 382 ta davlat va 18 540  ta nodavlat, shu jumladan 803 ta xususiy, 16 646 ta oilaviy va DXSH doirasida 1 091 ta nodavlat MTT faoliyat koʻrsatmoqda.

Yuqoridagi maʼlumotlar esa, foizlar koʻrsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030-yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.

Statistika qoʻmitasining maʼlumotida qayd etilishicha, 2021-yil yanvar holatiga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar jami  2.8 million nafarni tashkil etadi. Bu esa bugungi kunda bogʻcha yoshidagi bolalarning 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganini isbotlaydi. Shuningdek, Statistika qoʻmitasi tomonidan davlat va DXSH maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan bolalar soni eʼlon qilingan. Ushbu statistik maʼlumotlarda oilaviy va xususiy MTTlar haqida maʼlumot kiritilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3571-sonli qarori bilan 2018-yil 1-martdan va 1 sentabrdan boshlab maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari oylik maoshlari oshirilish boshlangan. 2018-yil 1 sentabrdan boshlab oʻqituvchilar, oliy maʼlumotga ega boʻlgan tayyorlov guruhi tarbiyachilari, psixologlar, logoped va defekteloglar umumtaʼlim maktablaridagi oʻqituvchilar maoshlariga tenglashtirilgan.

2019-yildan esa umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari malaka toifalariga qarab, oylik maoshlari 10-25% ga qadar oshirildi. Shunda, maktabgacha taʼlim tizimidagi oliy maʼlumotga ega tayyorlov guruhi tarbiyachilari maktablardagi oʻqituvchilarning oylik maoshlariga nisbatan 10-25%ga kam. Maktabgacha taʼlim vazirligi Moliya vazirligiga oliy maʼlumotga ega tarbiyachilarning oylik maoshini maktablardagi oʻqituvchilar maoshi bilan tenglashtirish, oshpazlar maoshini 2 barobar oshirish, xalqaro tajribaga asosan “pedagog statusi” amaliyotini yanada keng qoʻllash va maktabgacha taʼlim tizimi pedagog xodimlari umumtaʼlim maktablardagi oʻqituvchilar bilan bir xil miqdorda oylik maosh olishlari yuzasidan taklif bergan.

Dastlabki hisob kitoblarga koʻra, mazkur takliflar ijrosi uchun 1,5 trln. soʻm mablagʻ ketishi hamda mazkur dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi ishlar toʻxtab qolmasligini vazirlik doimo oʻzining quyi tizimdagi xodimlarni mehnatiga yarasha haq toʻlash borasida reja va dasturlar ishlab chiqilayotganligini maʼlum qilamiz.


Maktabgacha taʼlim vazirligi OAV lari uchun doim ochiqdir. Jurnalistlardan tekshirilmagan, aniq asoslarga tayanilmagan, tizimning shaʼniga putur yetkazadigan har qanday maʼlumotlarni OAVda eʼlon qilishdan avval Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati bilan hamkorlik qilishga chorlaymiz!

Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati