Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yangihayot tumani Yoʻldosh-16 dahasidagi 566-sonli MTT 2020-yilda kapital taʼmirga tushganiga qaramay, shu kungacha taʼmirlash ishlari tugatilmagani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha taʼlim vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib, Investitsiya dasturiga asosan ushbu MTTni joriy yilda rekonstruksiya qilish belgilangan.

Tender savdolarida “SADDINISO XABIBULLA” XK gʻolib deb topilib, 2020-yil 24-fevralda Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi “Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK bilan 12 674,56 million soʻmli pudrat shartnomasi imzolangan.

“SADDINISO XABIBULLA” XKga mazkur obyektda 11 331,8 million soʻmli qurilish-montaj ishlarini amalga oshirgan boʻlib, hozirda 10 463,5 million mablagʻ moliyalashtirilgan.

Loyiha-smeta hujjatlarida kommunikatsiya tarmoqlarida kamchiliklar aniqlangan, ammo mazkur kamchiliklar “Ixtisoslashtirilgan loyiha izlanish instituti” DUK loyihachi tashkilot bilan birgalikda bartaraf etib kelinmoqda.

“SADDINISO XABIBULLA” XK tomonidan bugungi kunga qadar mazkur obyektning 4 ta asosiy binosida taʼmirlash ishlari toʻliq yakunlangan (1-2-3-4 blok).

Hozirda xususiy korxona tomonidan oshxonaga rang berish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek basseyn va yozgi oʻyin maydonchalarini qurish jarayonlari olib borilmoqda.

Obyektda qayta shakllantirilgan qurilish grafigi asosida ishlar tashkillashtirilgan. Pudratchi tashkilotga ishchilar sonini koʻpaytirish hamda ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan. Maktabgacha taʼlim tashkilotini foydalanishga topshirish muddati noyabr oyining yakuniga qadar etib belgilangan.

Maʼlumot uchun, mazkur obyektni loyiha-smeta hujjatlarida jihozlar mavjud emasligi sababli, Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan jihozlash belgilangan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati