Rasmiy munosabat

Maktabgacha taʼlim tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimining malaka tavsiflari mavjud.

Bunda viloyat maktabgacha taʼlim boshqarma boshligʻi lavozimi uchun kamida bakalavr darajasidagi oliy maʼlumot, taʼlim yoki boshqa sohaning boshqaruv organlarida ishlagan, rahbarlik qobiliyatiga ega boʻlgan besh yildan kam boʻlmagan rahbarlik ish staji kabi malaka talablari belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi boshligʻi va tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari mudiri lavozimiga rahbar xodimlarni tanlab olish uchun bugungi kunda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz) orqali tanlov eʼlon qilinib, tanlov natijalari boʻyicha tanlov gʻolibi deb topilgan nomzodlar tegishli lavozimlarga tayinlanib kelinmoqda.

Buxoro viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasiga boshligʻi lavozimiga tanlov oʻtkazilib munosib nomzod tayinlangunga qadar Rajabov Maqsud Subhonovich Buxoro viloyati hokimining tavsiyasiga asosan Buxoro viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib ishga qabul qilingan.

Buxoro viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasiga boshligʻi lavozimiga Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz) orqali tanlov eʼlon qilinib, tanlov natijalari boʻyicha tanlov gʻolibi deb topilgan nomzod mazkur boshqarma boshligʻi lavozimiga tayinlanadi.