Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha taʼlim vazirligi rahbariyati tomonidan qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlar yuzasidan vazirlik quyidagilarni maʼlum qiladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5053-son “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarning tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi mazkur qarorning 1-ilovasi 18-bandiga muvofiq, Maktabgacha taʼlim vazirining 2021-yil 7-apreldagi 55-son “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.

Qarorning 1-ilovasiga keltirilgan izoh qismiga koʻra, davlat organi rahbariga, zarur hollarda, tashkilot markaziy apparati, idoraviy va hududiy boʻlinmalarining tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilganligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shu asosda, yuqorida qayd etilgan buyruqning 3-ilovasiga muvofiq, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi va viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari boshliqlarining moliyaviy-iqtisodiy ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlari qisqartirilgan.

Mazkur buyruq hududiy boʻlinmalarning ish faoliyatini tartibga solish bilan bogʻliq zarur hollarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5053-son qarori talablariga muvofiq va asosli qabul qilingan.

Mazkur qaror chiqishi munosabati bilan, viloyat boʻgʻinidagi ayrim shtat birliklari maqbullashtirilib, boshqa shtat birliklari soni oshirilgan.

Shuningdek qaror boʻyicha shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarning aksariyati yangi shtatlar jadvali boʻyicha ish bilan taʼminlangan, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq maktabgacha taʼlim tizimidagi boshqa mavjud boʻsh (vakant) lavozimlar barcha xodimlarga taklif etilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining 2021-yil 4-avgustdagi 22-son yozma koʻrsatma xatiga Maktabgacha taʼlim vazirligining tegishli javob xati taqdim etilgan.

Shuningdek, mazkur qaror ijrosi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan qonuniy bajarilganligi boʻyicha bugungi kunda Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlaro sudida bir nafar fuqaroning ishi koʻrib chiqilayotganligi va unga sud organlari tomonidan huquqiy baho berilishini maʼlum qilamiz.