Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanidagi 100-sonli MTTni rekonstruksiya qilish kechikayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Mazkur obyektlar hududida qurilishi belgilangan yangi binolar oʻrnida jami 32 dona mevali va manzarali daraxtlar mavjudligi aniqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qarorining 39 bandiga asosan davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimi hamda kasb-hunar taʼlimi muassasalarida daraxtlar va butalarni kesish yoki sanitariya maqsadida kesish ishlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi PF 5863-son farmoni hamda joriy yilning avgust oyida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshirigʻiga koʻra, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi hamda viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi maʼlum qilindi.

Ushbu daraxtlarni boshqa joyga koʻchirish va kesish boʻyicha Toshkent shahar hokimligiga hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Toshkent shahar boshqarmasiga bir necha marotaba yozma murojaat etilishiga qaramasdan amaliy yordam koʻrsatilmagan.

Bundan tashqari MTT binosi yaroqsiz holda boʻlganligi sababli toʻliq buzish(snos) ishlari Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan belgilangan muddatdan 3 oyga kechiktirib bajarilgan.

Natijada qurilish-montaj ishlari ishlab chiqilgan tarmoq jadvaliga nisbatan kechiktirib boshlangan.