Toshkent shahri Mirobod tumani 64 va 247-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilarning kasallanishi yuzasidan ma’lumot

      Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent shahri Mirobod tumani 64 va 247-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilarning holatini o‘rganib chiqib quyidagilarni ma’lum qiladi.

     Joriy yilning 26 avgust kuni 64-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 6 nafar tarbiyalanuvchisi va 247 -sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 2 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir ichak infeksiyasi belgilari bilan kasalxonaga yotqizildi.

2021 yil 27 avgustda Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, Mirobod tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, shuningdek, Mirobod tumani tibbiyot birlashmasining shifokorlari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarda oshxonalarning holati, oshpazlar, hamshiralarning faoliyati o‘rganildi va tarbiyalanuvchilarning ko‘rigi tashkil etildi.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari tomonidan kunlik sinamalar va bolalarning oxirgi uch kun davomida iste’mol qilgan taomlaridan barcha oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriyaga yuborildi.

    2021 yil 31-avgust kuniga tarbiyalanuvchilarning ahvoli normal holatga qaytdi va ular uylariga chiqarildi.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan o‘rganish olib borilmoqda. O‘rganish natijalari va laboratoriya javoblari asosida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati