Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotidagi kasallangan tarbiyalanuvchilarning salomatligi yuzasidan kunlik rasmiy maʼlumot

Maktabgacha taʼlim vazirligi, joriy yilning 13 avgust holatida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining jami 30 nafar tarbiyalanuvchilarida intoksikatsiya sindromi belgilari bilan tibbiyot muassasalariga yotqizilganligini maʼlum qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 12 avgust holatida jami 25 nafar tarbiyalanuvchi tibbiyot muassasalarida davolanayotganligi haqida xabar bergan edik, 13 avgustda yana 5 nafar tarbiyalanuvchida kasallikning klinik belgilari kuzatilganligi uchun tibbiyot muassasalariga yotqizildi.

Ulardan joriy yilning 13 avgust 16:00 soat holatiga:

9 nafar tarbiyalanuvchilarga tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng qoniqarli ahvolda yashash joyi bo‘yicha tibbiy nazoratga olinib uylariga ruxsat berildi;

tibbiyot muassasalarida jami 21 nafar tarbiyalanuvchi davolanmoqda, jumladan 1 nafarining holati o‘ta og‘ir, 1 nafari og‘ir, 6 nafari o‘rta og‘ir va 13 nafar bemorning holati o‘rtacha baholanib, dinamikada sog‘aymoqda.

(Izoh: 2021 yilning 13 avgust kuni soat 16:00 holatidagi ma’lumot)

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati