Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining kasallanish holati yuzasidan ma’lumot

Maktabgacha ta’lim vazirligi joriy yilning avgust oyida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining sodir bo‘lgan kasallanish holati yuzasidan ma’lum qiladi.

2021 yil 5-avgustdan 10-avgustgacha bo‘lgan davrda intoksikatsiya sindromi belgilari bilan 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyalanuvchilari Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga yotqizildi. Tibbiyot muassasalari va Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarda botulizm kasalligining klinik belgilari kuzatilgan.

10 avgustdan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotida Oqqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasining tor mutaxassislari tomonidan kundalik tarbiyalanuvchilar ko‘riklari tashkil etildi va salomatligida o‘zgarish bo‘lgan 25 tarbiyalanuvchilar aniqlanib profilaktik maqsadda tibbiyot muassasasiga shifokorlarning nazorati uchun yotqizilgan. Hammasi bo‘lib tibbiyot muassasalariga 32 nafar bola yotqizilgan.

Bugungi kunga, barcha bolalar yashash joyi bo‘yicha tibbiy nazoratga olinib kasalxonadan uylariga ruxsat berildi.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotida 10 kunlik taomnomasi bo‘yicha bolalarga tarqatilgan oziq-ovqat mahsulotlardan omborxonada vaqtinchalik saqlanayotgan gumondagi oziq-ovqat mahsulotlaridan (povidlo, djem, quyultirilgan sut, pishloq, kartoshka, piyoz, sabzi, karam, bulg‘or qalampiri, olma) namunalar olinib, laboratoriyaga taxlil o‘tkazish uchun yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov xarakatlari tugagach, ma’lumot beriladi va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati