Toshkentda “Ilk yoshdagi bolalar rivojlanish sohalari va taʼlim siyosati Osiyo-Tinch okeani forumi” oʻtkaziladi

Avvalroq xabar berganimizdek, YUNESKO bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Djannini Oʻzbekistonga tashrifi davomida Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin bilan uchrashib tizimdagi islohotlar va olib borilayotgan samarali hamkorlik natijalari, maktabgacha taʼlim tizimidagi islohotlarni amalga oshirish va erishilgan ilgʻor natijalar, shuningdek kelgusi yillarda maktabgacha taʼlim sohasida rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha masalalar tahlil qilinib, shu bilan birga uchrashuv doirasida 2022-yil Toshkentda “Ilk yoshdagi bolalar rivojlanish sohalari va taʼlim siyosati Osiyo-Tinch okeani forumi”ni oʻtkazish masalasi muhokama qilingan edi.

Bugun Maktabgacha taʼlim vazirligi binosida Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin va YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b Aleksandros Makarigakis oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv jarayonida 2022-yil Toshkentda “Ilk yoshdagi bolalar rivojlanish sohalari va taʼlim siyosati Osiyo-Tinch okeani forumi” oʻtkazilishi yuzasidan tashkiliy masalalari boʻyicha kelishib olindi.

Uchrashuv jarayonida maktabgacha yoshdagi bolalarga taʼlim va tarbiya berish davlatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi shu bilan birga, Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlarining 4.2 bandiga muvofiq 2030-yilga kelib barcha oʻgʻil-qizlar boshlangʻich taʼlimga tayyor boʻlishlari uchun yosh bolalarni rivojlantirish, parvarishlash va maktabgacha taʼlim olish uchun sifatli tizimlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishlarini taʼminlash borasida ijobiy natijalar haqida ham aytib oʻtildi.

Eslatib oʻtamiz, respublika boʻyicha maktabgacha taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichlari 2017-yili 27% dan 2021-yilga kelib 64% gacha oshishi natijasida, bugungi kunga kelib 1,8 mln. dan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldilar, qolaversa Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab barcha bolalar uchun boshlangʻich taʼlimda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida maktabga borishdan bir yil oldin majburiy maktabgacha taʼlim tizimi joriy etildi. Bugungi kunda 6-7 yoshli maktabga chiqish yoshidagi bolalarning 77%i maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olindi, 2025-yilga borib ularning barchasini bir yillik majburiy bepul taʼlim tizimiga 100% qamrab olinadi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati