Ongli ota-onalikka bagʻishlangan oylik

Ongli ota-onalikka bagʻishlangan oylik bolalar yanada sifatli hayot kechirishlari uchun ota-onalarning bilimlarini oshirish va koʻnikmalarini takomillashtirishga yordam beradi.

Joriy yilning oktyabr oyidan 20-noyabrgacha UNICEF Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlarda ongli ota-onalikka bagʻishlangan kampaniyani oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bir oy davomida UNICEF, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi mutaxassislari ijtimoiy tarmoqlarida ota-onalarga bolalar toʻlaqonli va har tomonlama rivojlanishi uchun qanday qilib eng yaxshi sharoitlarni yaratish haqidagi maslahatlarini beradilar.


Tabiiyki, ota-onalarning aksariyati farzandlari uchun imkon qadar eng yaxshi sharoitlarni yaratishga harakat qiladilar. Shunday boʻlsa-da, zamonaviy tarbiyalash usullaridan foydalanishga imkon bermayotgan qator toʻsiqlar mavjud.

“Muammolardan biri shundan iboratki, doʻstlar va qarindoshlar yaxshi niyatda, bolalarni oziqlantirishdan boshlab emlashgacha boʻlgan masalalar boʻyicha turli xil maslahatlarini berishlari mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan notoʻgʻri axborot bolaning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin”, — deydi UNICEFning salomatlik va oziqlanish masalalari boʻyicha mutaxassisi Fahriddin Nizamov.

“Yangi tugʻilgan chaqaloqlar hayotining dastlabki 1000 kunida hamda bolaning olti yoshgacha boʻlgan davrida parvarishlashning notoʻgʻri usullarini qoʻllash ularning uzoq muddatli jismoniy va kognitiv rivojlanishini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, global COVID-19 pandemiyasi va u bilan bogʻliq karantin cheklovlari ham bolalar rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi va buning oqibatlari balogʻat yoshida ham his etilishi mumkin”.

Ushbu oyda UNICEF, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekistonning ommaviy axborot vositalari kichik yoshdagi bolalarga gʻamxoʻrlik qilishning samarali usullari va uy sharoitida ushbu usullardan foydalanish yoʻllari toʻgʻrisida ota-onalarga soʻzlab beradilar. Ijtimoiy tarmoqlardagi nashrlar bolalarning yoshiga muvofiq boʻlgan toʻgʻrioziqlanish, jumladan yangi tugʻilgan chaqaloqlarni faqat koʻkrak suti bilan boqish; bolaga mehr berib gʻamxoʻrlik qilish muhitini yaratish usullari; emlashni rejalashtirish; bolaning rivojlanish bosqichlari; bolalar kasalligidan darak beruvchi belgilar; masʼuliyatli tarbiya va oʻyinlarning bola uchun ahamiyati kabi masalalarga bagʻishlangan .

Milliy va xalqaro ekspertlar tavsiyalariga muvofiq bolalarni tarbiyalash ahamiyatini tushunish va bu masalada qarorlarni qabul qilishda koʻmaklashish Oʻzbekistonning kichik fuqarolari hayotini sifat jihatdan yaxshilashga hamda ular baxtli va toʻlaqonli voyaga yetishlari uchun mustahkam poydevor yaratishda yordam beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali butun mamlakat boʻylab ota-onalarni jalb qilish

UNICEF, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali ota-onalar va vasiylar bilan muloqot qilishda samarali yondashuvlarni ishlab chiqdilar va bu bilan ular uchun nafaqat dolzarb va aniq maʼlumotlarga ega boʻlish, balki ota-onalarni tashvishlantiradigan muammolarni taqdim etish va hal qilishga imkon yaratdilar.

Joriy yilning 20-oktyabr kuni ommabop televizion kanallarda ota-onalar uchun moʻljallangan koʻrsatuv namoyish etildi. Mazkur koʻrsatuv doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi ekspertlari bolalarning erta yoshidagi salomatligi va oziqlanishi boʻyicha ota-onalar tomonidan berilgan savollarga javob berdilar. Maktabgacha taʼlim vazirligining mutaxassislari maktabgacha taʼlimning muhim ahamiyatini va ota-onalar oʻz farzandlarining ilk yoshda taʼlim olishini faol qoʻllab-quvvatlashda qanchalik muhim rol oʻynashlarini yana bir bor taʼkidladilar.

Ushbu telekoʻrsatuvlarga qoʻshimcha ravishda, UNICEF milliy hamkorlar bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlar va televidenie orqali keng targʻib qilish uchun 11 ta qulay va tushunarli video mahorat darslarini yaratdilar.

“Ushbu mahorat darslari Oʻzbekistonda koʻp uchraydigan bolalar erta rivojlanishi sohasiga mansub ayrim muammolarni qamrab olgan. Mazkur videoroliklar ota-onalarni maktabgacha taʼlimning ahamiyatini yanada teran anglashga undaydi”, — deydi UNICEFning erta rivojlanish va maktabgacha taʼlim masalalri boʻyicha maslahatchisi Vazira Nazarova.

“Maktabgacha taʼlim tashkiloti kun davomida bolalar uchun faqatgina koʻngil ochish joyi emas. Bu hayot uchun muhim ijtimoiy va kognitiv rivojlanish, muloqot koʻnikmalarini orttirish hamda bolaning ijodiy va jismoniy rivojlanishi makonidir. Ota-onalar oʻz farzandlarining jismoniy salomatligi bilan bir qatorda ular uzoq vaqt shaxs sifatida shakllanishini ham albatta kuzatib borishlari lozim”.

Ongli ota-onalik oyligining yakunida Bebbo innovatsion mobil ilova ishga tushiriladi. Oʻzbekistonda bu turdagi birinchi raqamli vosita ota-onalarga bolalarning oʻsishi, rivojlanishi va farovonligini qoʻllab-quvvatlash borasida oʻz vaqtidagi va sifatli tavsiyalarni taqdim etadi. Hali ham davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi cheklovlari sababli ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchilar bilan bevosita muloqotning iloji boʻlmagan yoki murakkablashgan davrda bu ayniqsa muhimdir.