«Uzoq muddatli statsionar davolanishda bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim olishning haqiqiy imkoniyatlari» mavzusida uchrashuv

Joriy yilning 16-avgust kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida «Zamin» xalqaro jamg’armasi bilan hamkorlik memorandumi doirasida maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi mutaxassislari o’rtasida Dmitriy Rogachev nomli Rossiya Sog’liqni saqlash vazirligining bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-tadqiqot markazining bolalarni statsionar tibbiy muassasalarda o’qitish bo’yicha vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Rossiyadagi shifoxona maktablarining «Biz bilamiz» deb nomlangan federal loyihasi rahbari Sergey Sharikov shifoxona pedagogikasi bo’yicha o’z tajribasi bilan o’rtoqlashdi.

Hozirgi vaqtda ta’limning bunday modeli O’zbekistonda ilgari tatbiq etilmagan. Shu maqsadda Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalqaro Zamin jamg’armasi, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Rossiya Federatsiyasi bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi bo’yicha Dmitriy Rogachev nomidagi Milliy tibbiyot ilmiy markazi bilan birgalikda davolash va profilaktika tadbirlarini bolalar uchun ta’lim xizmatlari bilan birlashtiradigan shuningdek, ularning ota-onalariga psixologik va pedagogik yordam ko’rsatadigan loyihani amalga oshirish xususida suhbat olib borildi.

Uchrashuv davomida Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning O’zbekiston Respublikasida amalga oshirilishi uzoq muddatli davolanayotgan saraton kasalligiga chalingan bolalarga o’quv dasturini boshqa tengdoshlaridan qolishmasdan o’zlashtirishga va keyingi bosqichlarda o’qishni davom ettirishga imkon beradi.

S.V. Sharikovning ta’kidlashicha, O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi hamkorlik bemor bolalarni qo’llab-quvvatlashga imkon beradi, ular uchun ijobiy energiya va ishtiyoqni olish eng muhimdir, chunki onkologiya – bu hukm emas, bolalarga yashash va kasallik bilan kurashish uchun maqsad kerak.

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati